Nazarova Tamara
Nazarova Tamara (1925.24.12 – Toshkent — 1998.24.2) — O’zbekiston xalq artisti (1969). Moskva o’zbek opera studiyasini tugatgan (1946). O’zbek davlat filarmoniyasining o’zbek ashula va raqs ansamblida yakkaxon (1940-42), Muqimiy teatrida (1942-55 va 1960— 71), Namangan teatrida (1955-59) aktrisa. Urush yillari O’zbekiston san’at ustalari safida front kontsert brigadalarida qatnashgan. Nazarova ijrosida nozik lirizm samimiylik bilan uyg’unlashib ketadi. Mohin, Zuhra (S. Abdulla; T. Jalilov, “Tohir va Zuhra”), Noznoz (M. Urdubodiy; S. Rustamov, “besh so’mlik kelin”), Natalka (N. Kotlyarevskiy; N. Lisenko, “Poltavalik Natalka”), Rohatoy (K. Yashin; X. To’xtasinov, “Oftobxon”), Qaldirg’och, Nurxon (K. Yashin; T. Jalilov, “Alpomish”, “Nurxon”), Shirin (A. Navoiy; Yu. Rajabiy, “Farhod va Shirin”), Sunbul (H. G’ulom; M. Leviev, “Ajab savdolar”) kabi rollari bilan shuxrat qozongan. Nazarova kinoda (Guli, “Alisher Navoiy”; Fotima, “Sen yetim emassan” va boshqalar) ham suratga tushgan.