Nazrullayev Alisher Ibodullayevich
Nazrullayev Alisher Ibodullayevich (1953.24.9, G’ijduvon) — usta kulol, G’ijduvon kulollik maktabining 7-avlod vakili. O’zbekiston xalq ustasi (2002), O’zbekiston badiiy akademiyasi akademik (2003). Samarqand me’morlik — qurilish institutini tugatgan (1975). Hunarni otasi usta Ibodulla Nazrullayevdan o’rgangan. Nazrullayev ijodida G’ijduvon kulollik maktabi an’analarini rivojlantirgan; u yaratgan sopol buyumlar (tovoq, lagan, kosa, ko’za, qo’shquloq va boshqalar) qo’rg’oshin tusli sirlanishi bilan ajralib turadi. Naqsh zamini to’q jigarrang, shakllar buyum yuzasida asimmetrik erkin joylashtiriladi; “dumi burgut” “murg’i safed”, “guli tovus” kabi naqsh mujassamotlari qush, o’simlik, gul naqshlarining nozik uyg’unlashtirilgan shaklida namoyon bo’ladi. Amerika, Yevropa, Osiyo qit’alaridagi madaniy markazlardagi nufuzli tanlov, ko’rgazmalarda faol ishtirok etadi. Nazrullayev ishlaridan namunalar respublika va xorijiy mamlakatlardagi muzey, to’plam, xususiy kollektsiyalardan o’rin olgan. “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlangan (1996).