Nega Betxoven o’zining uchinchi simfoniyasini “qahramonona” deb atagan?
Eng buyuk musiqa asarlaridan biri — Betxovenning uchinchi simfoniyasi — o’z tarixiga sohib. 1804 yil. Vena. Yevropa Napoleon Bonapartning harbiy jasoratlariga lol qolgan bir palla. Napoleon — hamma e’tirof etgan qahramon, hamma uning inqilobiy g’oyalariga ishonadi, sarkardaning irodasi va matonatiga qoyil. Betxoven ham bundan mustasno emas. Kompozitor dohiyona simfoniyasining endigina tugatilgan partiturasida Napoleonga bag’ishlov bastalaydi. Oradan hech fursat o’tmay Betxoven kutilmagan xabardan larzaga tushadi: Napoleon o’zini Fransiya imperatori deb e’lon qilgandi! Mug’anniy qahru g’azabining chek-chegarasi yo’q edi: “endi u barcha insoniy haq-huquqlarni oyoqosti qiladi, hamma narsani o’zining shuhratparastligiga mute’ etadi, o’zini o’zgalardan yuqori qo’yadi va mustabidga evriladi!” Napoleon Bonapartga bag’ishlov yo’q qilindi. “Uchinchi simfoniya” sarlavhasi ostida bor-yo’g’i birgina so’z paydo bo’ldi: “qahramonona”. Eslatib o’tamiz, mabodo Betxoven bu kalimani yozmagan taqdirda ham, biz baribir bu musiqani qahramonlik dostoni sifatida idrok etgan bo’lur edik. Uni boshqa yo’sinda tinglash va idrok etishning haytovur imkoni yo’q. Bu, ajoyib qahramon haqidagi, uning matonatli kurashi, qahramonlarcha halok bo’lishi (mashhur “qahramon o’limiga motam marshi”) va hayot tantanasi to’g’risidagi ulug’vor musiqiy doston!