Atrof-muhitning temperaturasi pasayib, suv muzlashi natijasida muz hosil bo’ladi. Muzlagan suvning hajmi ancha kengayadi. O’n litr suvdan, taxminan, o’n bir litr muz hosil bo’ladi.
Har bir jismning suvda suzishi va cho’kishi miloddan avvalgi III asrda yashab o’tgan qadimgi yunon olimi Arximed kashf etgan printsip bilan aniqlanadi. U keyinchalik Arximed qonuni deb nom olgan qonunni kashf etdi. Unga ko’ra, suvga tushgan har qanday jismni ostidan o’zi siqib chiqargan suv miqdoridagi kuch itaradi.
Yog’och suvdan o’rtacha ikki marta yengil, shuning uchun g’o’la o’z hajmining yarmiga teng bo’lgan suv miqdori bilan suzib yuradi. Po’kak olinadigan emanning po’stlogi suvdan besh barobar, muz esa, taxminan, 1/10 marta engildir. Shuning uchun ham aysbergning 9/10 qismi suv ostida bo’ladi. Uning haqiqiy o’lchamlari suv yuzasidagidan o’n barobar kattadir.
Havo temperaturasi suvning muzlash nuqtasidan, ya’ni Tselsiy shkalasi bo’yicha 0 darajadan bir oz past bo’lganda, muzni isitmay turib ham, bosimni oshirish hisobiga eritish mumkin. Qo’shimcha bosim yo’qolganda, suv yana muzlay boshlaydi. Masalan, qo’lingizga bir hovuch qor olib, uni yumaloqlash maqsadida qisa boshlasangiz, u asta-sekin erib, suvga aylana boshlaydi, ammo kaftingizni yozishingiz bilan u yana muzlab qoladi. Suvning muzga aylanib kengayishi ma’lum miqdorda kuch ajralishiga olib keladi. Qoyadagi biror yoriqqa kirib qolgan suv muzga aylanib kengayadi, yillar o’tishi bilan bu hol bir necha bor takrorlangach, u katta bir granit palaxsasini ikkiga yorib yuborishi ham mumkin. Bu tog’ jinslarini nuratib, parchalashda katta ahamiyatga ega. Odamzod qadim zamonlardayoq bu kuchdan o’z maqsadlari yo’lida foydalanishni o’rganib olgan. Finlyandiyaning ulkan tosh konlarida toshtaroshlar qoyalarning katta bo’laklarini ortiqcha kuch ishlatmasdan sindirib olishadi. Ular buning uchun toshlardagi yoriqlarga suv quyib, uning muzlashini kutishadi. Suv muzlash natijasida kengayib, toshni yorib yuboradi.