Nekropol

Nekropol (yunoncha nekros-o’lik va polis-shahar)-qadimgi qabriston. Bu atama antik va ilk o’rta asrlar davridagi qabristonlarga taalluqli. Nekropollar shakli, tuzilishi, ko’mish odati, ijtimoiy-etnik buyumlari bilan bir-biridan ajralib turadi. Nekropollar toshdan va tuproqdan ko’tarmali yoki ko’tarmasiz qilib qurilgan. Ular yer osti va yer usti maqbaralarga ajraladi. Nekropollar katakomba, o’ra shaklida bo’lib, tosh, yog’och yoki g’isht bilan o’ralgan. Sag’ana, mug’xona, ehrom va maqbaralar toshdan, pishiq yoki xom g’ishtdan ishlangan. Nekropolga murdalar kuydirilib yoki o’z holicha ko’milgan. Murdani kuydirmasdan ko’mishning turli xillari bo’lib, murdalar qay holatda yotqizilishi qo’shib ko’miladigan asboblarga ko’ra bir-biridan ajralib turadi. Kuydirib ko’mishda murdani kuydirgandagi kulni qabrga to’kib yoki biron idishga solib, ba’zan har xil buyumlar qo’shib ko’milgan.