Nemertinalar

Nemertinalar (Nemertini) – deyarli barcha turlari dengizlarda yashaydigan umurtqasiz hayvonlar tipi. Gavdasi bilaterial simmetriyali, chuvalchangsimon, kiprikli epiteliy bilan qoplangan. Tana bo’shlig’i bo’lmaydi; ichki organlari oralig’i parenximadan iborat. Tanasi yassi. Qon aylanish sistemasi yaxshi rivojlangan, tutash. Nafas sistemasi yo’q. Nerv sistemasi bosh miya va 3 ta bo’ylama nerv poyasidan iborat. Boshining oldingi uchida xartumchasi bor. Xartumcha og’iz yonidagi maxsus chuqurchaga tortib olinishi mumkin. Ovqat hazm qilish sistemasi og’iz teshigidan boshlanib, anal teshigi bilan tugaydi. Ayrim jinsli, tuxum qo’yib ko’payadi. Tuxumdan pilidiy lichinkasi chiqadi. Jinssiz fragmentasiya yo’li bilan ham ko’payishi mumkin. Deyarli barcha Nemertinalar yirtqich; bo’g’imoyoqlilar, mollyuskalar va baliqlar bilan oziqlanadi. Ayrim vakillari parazit yoki kommensal. Bu tipga bitta — ne-mertinalar sinfi kiradi. 800 ga yaqin turi ma’lum. 30 turi chuchuk suvlarda va 10 turi quruqlikda tarqalgan. Uzunligi 0,5 millimetrdan 30 metrgacha va undan ham ko’proq (60 metrgacha). Kengligi 9 millimetrgacha.