Nemet (Nemeth) Dyula
Nemet (Nemeth) Dyula (1890.2.11, Karsag) — Venger sharqshunos-turkshunosi. Vengriya Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1922), akademik (1935), Filologiya fanlari Doktori (1916), Budapesht universitetining professor (1916-64), Bolgariya Fanlar Akademiyasi va GDR Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1954; 1955), Londondagi Qirollik Osiyo jamiyatining faxriy a’zosi (1955). Turkiya, Qrim, Kavkaz (qumuqlar) va Volga bo’yi xalqlari (chuvashlar)ning tillari, folklori, adabiyoti va etnografiyasini o’rganish bo’yicha katta tadqiqotlar olib borgan. Runiy yozuv yodgorliklarini sharhlashdagi xizmatlari bilan turkshunoslik faniga munosib hissa qo’shdi. U Venger runiy yozuvlarining 16 belgisi turkiy runiy yozuvlarining tegishli belgilariga juda yaqinligini, Talas vodiysidagi turkiy yozuv yodnomalari bilan qariyb o’xshashligini aniqladi. Shuningdek, Nemet Urxun yozuvlarining o’qilishiga ham tuzatishlar kiritgan. Uning “Usmoniy turk grammatikasi” asari turk tili bo’yicha muhim qo’llanmadir. Bu kitob 1962 yilda ingliz tilida ham nashr etilgan. Nemetning turkiy lahjalar bo’yicha ko’p yillik tekshirishlarining yakunlari yirik asari — “Vidin turklari”da berilgan.