Nemischa usul: pashsha chaqishiga qarshi eng yaxshi 10 vosita
Hademay — yoz, namgarchilik sabab pashshalar ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Chaqishi bir azob, keyin soatlab davom etadigan teridagi yoqimsiz qichishishni aytmasa ham bo‘ladi. Xo‘sh, biron chorasi bormi? Nemis tilida chiquvchi «Merkur.de» saytining tavsiyalarida keltirilishicha, uy sharoitida pashsha chaqishi asoratlariga tez barham bersa bo‘ladi.
Asal: bu tabiiy mahsulot antibakterialligi va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlari uchun ham qadrlanadi. Hatto bir tomchisi ham… Pashsha chaqqan joyga ozgina asalni surib, terini ishqalang.
Moychechakli choy: Bu o‘simlikning yallig‘lanishga qarshi va yaralarni bitkazuvchanlik xususiyati azaldan ma’lum. Moychechakli choyning ishlatib bo‘lingan paketchasini avval muzlatkichda sovitib olib, keyin pashsha chaqqan joyga 10 daqiqacha bosib turing.
Rayhon: bu xushbo‘y o‘simlik tarkibida teridagi yoqimsiz qichishishni qoldiruvchi evgenol moddasi bor. Buning uchun quritilgan rayhonni qaynatish va sovitish kerak, keyin kompress qilinadi. Chaqish asorati anchagina yengillashadi.
Muz: pashsha chaqqan joy atrofida to‘plangan suyuqlikni tarqatadi. Ammo ehtiyot bo‘ling, terini shikastlab qo‘ymaslik uchun muzni mato bilan o‘rang.
Sirka: bir necha tomchisi pashsha chaqqandan keyingi yarani yaxshi dezinfeksiyalashi mumkin. Albatta, kuchsiz sirka ishlating.
Iste’mol sodasi: sodani suv bilan aralashtirib pasta holatiga keltiring va yaraga suring. Teridagi qichishish tez yo‘qoladi.
Piyoz: pashsha chaqishi oqibatida paydo bo‘lishi ehtimoli bor infeksiyani piyoz to‘xtatishi mumkin. Piyoz suvi esa teridagi qichishish va yaradagi suyuqlikni tez yo‘qotadi. Buning uchun piyoz bo‘lagi pashsha chaqqan joyga bir necha daqiqa bosib turilsa kifoya.
Limon sharbati: bu sitrus meva suvidan pashsha chaqqan joyga bir necha tomchi quyilsa terini ancha tinchlantiradi.
Choy daraxti yog‘i: atigi bir necha tomchisi dezinfeksiyalab, og‘riqni qoldiradi.
Tish pastasi: g‘alati tuyulishi mumkin, ammo pasta tarkibidagi mentol yallig‘lanishning oldini olishi mumkin ekan. Pastani pashsha chaqqan joyga surib qo‘ying, qurishi bilan iliq suvda yuvib tashlang.