Neoklassik iqtisodiy nazariya
Neoklassik iqtisodiy nazariya — iqtisodiy nazariyada marjinalizm g’oyalari an’analarini davom ettirgan yetakchi yo’nalish. Bu nazariyaning eng mashhur vakillari A. Marshall (Buyuk Britaniya), L. Valras (Shveytsariya), J. Klark (AQSh), K. Viksel (Shvesiya), A. Pareto (Italiya), P. Samuelson, K. Errou (AQSh) va boshqalar. Hozir jahondagi iqtisodchilarning aksariyat qismi Neoklassik iqtisodiy nazariya tarafdorlaridir. Mazkur nazariya marjinalistik tamoyillar asosida shakllanib, 20-asrdan Neoklassik iqtisodiy nazariya deb nomlandi. Neoklassik iqtisodiy nazariyada raqobatli bozorda tovarlar, xizmatlar narxining shakllanishini va ishlab chiqarish omillarini o’rganish uchun eng so’nggi — me’yoriy kattaliklar — me’yoriy naflilik va me’yoriy unumdorlik, me’yoriy tushumlar, me’yoriy harajatlar va boshqa tahlillari qo’llaniladi. Ishlab chiqarish omillari va tovarlarning bozor narxi ularning kamyobligi bilan bog’liq. Neoklassik iqtisodiy nazariya nuqtai nazariga ko’ra, me’yoriy miqdorlar kishilar o’zlarining iqtisodiy faoliyatida qabul qiladigan qarorlarida hal qiluvchi o’rinni egallaydi. Neoklassik iqtisodiy nazariyaning asosiy goyasi mukammal raqobat muvozanatli iqtisodiyotni yaratadi degan qarashdan iborat. Shuningdek, bu nazariyada iqtisodiyot tavsifiga mikroiqtisodiy yondashuvlar ustunlik qiladi. D. Rikardo va K. Marks davrida katta munozara-ixtiloflarga sabab bo’lgan daromadlarni taqsimlash nazariyasi masalasida neoklassiklar uni juda tinch va jo’n yo’l bilan hal etadilar: har qanday ishlab chiqarish omili egasi bu omilning me’yoriy unumdorligiga, ya’ni qo’shimcha yollangan ishchi ishlab chiqargan yoki kapitalning qo’shimcha birligi yaratgan mahsulotga teng daromad oladi. Neoklassik iqtisodiy nazariya har qanday bozorni talab va taklif egri chiziqlari yordamida tahlil qiladi. Talab va taklif egri chiziqlari kesishadigan nuqta ne’matlarning muvozanatli narxini va muvozanatli miqdorini ko’rsatib beradi. A. Marshall 1890 yilda yozilgan “iqtisodiyot tamoyillari” asarida “siyosiy iqtisod” tushunchasidan voz kechdi va “economics” tushunchasini qo’lladi. Bu tushunchaning yuzaga kelishi iqtisodiyotni siyosatdan xalos qilish bilan barobar voqea edi. Chunki davlatning iqtisodiyotga aralashuvchi hamma vaqt ham samarali bo’lavermagan. 1902 yildan boshlab “Ekonomiks” kursi Kembrij universitetida o’qitila boshlandi. Yangi yo’nalish tarafdorlari erkin raqobat va bozor g’oyasini yana jonlantirdilar, bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning rolini keskin cheklash kerakligini ko’rsatib berishdi. Neoklassik iqtisodiy nazariyalarning bir qancha maktablari mavjud: Avstriya maktabi, Lozanna (Matematik) maktabi, Kembrij (ingliz) maktabi, Amerika maktabi. Keyingi davrda (P. Samuelson) “neoklassik sintez” kontseptsiyasi ham paydo bo’ldi. “Neoklassik sintez” bu aslida hozirgi neokeynschilik va neoliberal goyalarni ilk neoklassik qarashlar bilan birlashtirib, uyg’unlashtirilishidir. Hozirgi davrda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda Neoklassik iqtisodiy nazariya iqtisodiyot fanining amalda barcha muammolariga nisbatan qo’llaniladi. Id: Razzoqov A. va b., Iqtisodiy ta’limotlar tarixi, T., 2002. Abduxalil Razzoqov.