Neolit

Neolit (Neo… va Yunoncha lithos — tosh) — yangi tosh davri, tosh davrining so’nggi bosqichi. Osiyo va Yevropa mintaqalarida qayd etilgan va qazib o’rganilgan. Neolit davri osori atiqalarining aksariyati miloddan avvalgi 6-3-ming yilliklar bilan sanaladi. Tosh davrining bu yangi bosqichi qariyb 3 ming yil davom etgan. Neolit davrida odamzodning turmush tarzi va iqtisodiy hayotida bir qator yirik tub o’zgarishlar sodir bo’ladi. Ovchilik va terimchilik kabi tabiatga boqim hayotiy mashg’ulotlar negizida ibtidoiy dehqonchilik va xonaki chorvachilik yuzaga kelib, kishilik tarixida ilk bor dastlabki ishlab chiqaruvchi xo’jaliklarga asos solindi. Neolit odamining xo’jalik hayotidagi taraqqiyot taqozosi bilan sopoldan idish-tovoqlar yasalib ilk kulollik, suyak va hayvon shoxlaridan duk, igna, bigiz va urchuq toshlar hamda oddiigina yog’och dastgoxlari yasalib, ip yigirish, baliq ovi to’rlarini to’qish va xonaki to’qimachilik yuzaga keladi. Chaqmoktoshlardan turli xil mayda va yirik maxsus (o’q yoy va nayza paykonlari, parma, pona, arra, bolta, o’roq, o’roqranda) qurol va asboblar yasalib, tosh qurollar yasash uslubiyati takomillashdi. Tosh qurollardan keng foydalanildi. Tosh boltalarni parmalab dastaga o’rnatish, silliqlab tig’ini chiqarish, singan sopol idishlarni chegalash, munchoq va turli toshlardan yasalgan marjonlarni ipga o’tkazib shodalash uchun parmalash kabi texnik usullar kashf etildi. Tosh bolta, pona, o’roq, o’rokranda, arra, chopqilar kabi xo’jalik qurollari vositasida dehqonchilikdan tashqari, sinchkori chayla va kulbalar kabi turar joylar barpo etilib, qayiqlar yasaladi. Neolit odamining mehnat faoliyatidagi o’zgarishlar, xo’jalik hayotida yuzaga kelgan ixtirolar tufayli bu tarixiy bosqich, fanda ” Neolit inqilobi” deb ataldi. Bu bosqich davomida ona urug’doshligi tizimlari kamol topdi. Ibtidoiy dehqonchilik va chorvachilikka asos solindi, kulollik va to’qimachilik kabi kasb-hunarlar kashf etilib, ota urug’doshligiga o’tish uchun zamin yaratildi. Biroq, tabiiy geografik sharoitlarning taqozosi bilan Neolit qabilalarining turmush tarzi turli mintaqalarda har xil kechdi. Shu boisdan xar xil hududda o’ziga xos Neolit davrining turli xil madaniyati shakllandi. Ibtidoiy deqqonchilik va xonaki chorvachilikka asoslangan madaniy xayot Yaqin Sharq mamlakatlari (Misr, Iroq va Eron) hududlarida miloddan avvalgi 6-4- ming yilliklardayoq qadimdi dehqonchilik o’lkalarida tosh tishli qadama o’roq, tosh hovoncha va suyakdan yasalgan kertma ketmonchalardan foydalanilib, arpa, jaydari bug’doy, tariq, loviya va sholi kabi boshoqli o’simliklar madaniylashtirildi, guvalalardan uylar bino qilinib, avval qo’lda, so’ngra qo’l charxida guldor sopol idishlar va ayol haykalchalari yasaldi. Miloddan avvalgi 6-3-ming yilliklarda O’rta Osiyoda istiqomat qilgan qabila va ja moalar 2 yo’nalishda rivoj topdi. Masalan, uning Janubiy-g’arbiy hududlarida Neolit davri jamoalari ilk dehqonchilik va xonaki chorvachilik (echki, qo’y va qoramol) bilan shug’ullangan bo’lsalar, uning shimoliy va shimoliy-Sharqiy hududlarida esa bu davrda odamlar ovchilik va baliq ovlash bilan kun kechiradilar. Neolit davrining o’trok, ilk qishloq xarobalari dastlab Turkmanistonning Kopetdog’ etaklarida topilgan. Bunday yodgorliklar Joytun madaniyati nomi bilan atalgan. Qadama tishli o’roq, pichoq, suyakdan yasalgan igna, bigiz hamda turli rangli tasvirlar tushi-rilgan sopol idish bo’laklari topilgan. Bu ilk ziroatkor qishlokda 150-180 nafar dehqonchilik, chorvachilik va qisman ovchilik bilan kun kechirgan o’troq qishloq jamoasi yashagan. Xo’jalikda ayollar, ayniqsa, onalarning mavqei kuchli bo’lgan. Chunki, bu davrda ona urug’doshligi munosabatlari kengayib, undan kichik juft oilalar ajralib chiqa boshlagan tarixiy bosqich qaror topgan. O’rta Osiyoning Janubiy hududlarida o’troq dehqonchilik va chorvachilik qaror topib, ishlab chiqaruvchi xo’jalik shakllanayotgan zamonda, uning shimoliy va Sharqiy qismida joylashgan keng dashtliklar va tog’liklarda ovchi va baliqchi, ovchi va termachi qabilalari yashardilar. Miloddan avvalgi 5-3 ming yilliklarda Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon xavzalari va ulardan shimolda yashagan ovchibaliqchi qabilalarning turar joy qoldiqlari dastlab qadimgi Xorazm yerlarida topib o’rganildi. Bu yodgorliklar fanda Kaltaminor madaniyati nomini olgan. Jonbos 4 yodgorligidan ulkan chayla qoldiqlari kavlab ochilgan. Uning maydoni 300 kvadrat metrga teng. Unda 100— 120 nafarli urug’jamoasining baliqchiovchilari istiqomat qilgan. Qayd etilgan yog’och va qamish qoldiqlariga qaraganda chayla ko’p ustunli, yapaloqroq shaklda bo’lib, tomi qamish bilan yopilgan. Unda bitta katta va uning atrofida 20 dan ortiq maydaroq o’choq o’rinlari qayd etilgan. O’choqlar girdidan va chayladan baliq, to’ng’iz, jayran, bug’u, qush suyaklari, tuxum po’choqlari hamda tosh qurollar, sopol parchalari topilgan. Kaltaminor madaniyatiga mansub yodgorliklar Zarafshon vodiysining quyi oqimidan ham topib o’rganilgan. Darvozatshrliklar chaplasi nomi bilan yuritilgan bu yodgorlikdagi chayla to’g’ri burchakli to’rtburchak shaklda qurilgan. Sahnining uzunligi 11,6 metr, kengligi 7 metr, maydoni 81,5 kvadrat metrga teng. Unda 30-35 nafardan iborat ovchi va baliqchilar jamoasi istiqomat qilgan. Chayla tashqarisida bir qancha o’choq o’rinlari qayd qilinib, undan chaqmoqtosh qurollar (o’q-yoy paykonlari, o’roq, randa, keskich, qirg’ich, teshgich, so’zan, Parma va bolta), sopol idish bo’laklari, baliq, parranda va yovvoyi hayvon suyaklari topiladi. Dehqonchilik va chorvachilik xo’jaliklari xamda o’troq hayot bilan bog’liq turli xildagi kasb-hunarlarning kengayib borishi oqibatida chaqmoqtoshga bo’lgan talab oshadi. Shu boisdan tog’ va tog’oldi hududlarida yashovchi qabilalar jamoasida tog’lardan yuqori sifatli xom ashyo konlarini izlab topish va ulardan chaqmoqtosh qazib oluvchi konchilar guruhi paydo bo’ladi. Xom ashyo, dastavval tog’yuzasiga chiqib qolgan tosh xarsanglaridan sindirib olingan, so’ngra qazib chiqarilgan. Buning uchun o’ra va lag’mlar kavlanib, konlar barpo etilgan. Bunday shaxtali Neolit davri konlaridan biri Navoiy viloyatining Uchtut qishlog’i yaqinida topib tekshirilgan (miloddan avvaldi 5-3-ming yilliklarga mansubdir.). O’rta Osiyoda, xususan, O’zbekiston hududida bundan 5-7 ming yil muqaddam ilk bor kon sanoatiga asos solingani ma’lum bo’ldi. Neolit davri shaxtalari Angliya, Frantsiya, Keniya, Shvesiya, Germaniya va Belorus- siya kabi hududlarida ham o’rganilgan. Neolit davrining oxirida odamlar metalldan, dastlab misdan har xil taqinchoqlar, buyum va qurollar ishlashni o’rganib oladilar. Ad:. Asqarov A., O’zbekiston tarixi, T., 1994; Massoy V. M., Poselenie Djey- tun, L., 1971; Gulyamov Ya. G., Islamov U., Askarov A., Pervobitnaya kultura i vozniknovenie oroshaemogo zemledeliya v nizovyax Zarafshana, T., 1966; Tolstov SP., Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab, T., 1964. Abdulahad Muhammadjonov.