Neopozitivizm
Neopozitivizm (Neo… va pozitivizm) — 20-asr falsafasidagi asosiy yo’nalishlardan biri. Pozitivizmning hozirgi zamon shakli Neopozitivizmga Vena to’garagi qatnashchilari M. Shlik, R. Karnap, O. Neyrat asos solgan. Neopozitivizmning Angliyada tarqalishida B. Rassel, L. Vitgenshteyn va boshqalar katta o’rin tutgan. Neopozitivizmning asosiy g’oyalari empirizm va fenomenalizmta (J. Berkli, D.Yum) borib taqaladi. Falsafaning dunyoqarash masalalarini nazariy bilish vositasi sifatidagi imkoniyatlarini rad etib, fanni falsafaga qarshi qo’yadi. Bilimni (yoki ilmiy, falsafiy, og’zaki tilni) mantiqiy yoki lingvistik tahlil qilish uslubini ishlab chiqishni maqsad qilib olgan. Neopozitivizm g’oyalari Vena to’garagi faoliyatida o’z ifodasini topdi, uning asosida mantiqiy pozitivizm vujudga keldi. Neopozitivizmni fan falsafasi (Ch. Morris, P. Brijmen), Shvepiyadagi Upsala maktabi va boshqa yo’nalishlarning vakillari qo’llab-quvvatladilar. 1950-yillarda lingvistik falsafa katta nufuzga ega bo’ldi. Fanning uslubiy masalalarini ishlab chiqishni da’vo qilib, amalda ularni hal eta olmadi. Neopozitivizm namoyandalari hozirgi formal mantiq, semiotika va fan mantig’i rivojida muayyan rol o’ynadi.