Neru Motilal
Neru Motilal (1861.6.5, Agra -1931.6.2, Lakhnau) — Hindiston milliy ozodlik harakati arboblaridan. Nagpur, Ollohobod kollejlarida ta’lim olgan, advokat. Javoharlal Neruning otasi. Birlashgan viloyatlar qonun chiqarish kengashi a’zosi (1909, 1915), shahar Kengashi a’zosi, Hindiston Milliy Kongressi (HMK) partiyasining raisi (1919 va 1928). 1922 yil Kongressdan chiqqan, svarajistlar (mustaqilchilar) partiyasining asoschilaridan biri (1923) va uning rahbari. Bu partiya ingliz mustamlakachilarining hokimiyati bilan hamkorlik qilishni va ular hukmdorligida Hindistonga avtonomiya huquqini berilishini talab qilgan. 1925 yil yana HMK partiyasiga qaytib, rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 1928 yil Hindistonga dominion-ichki ishlarni o’zi idora qilish ququqini berishni talab qilgan Konstitutsiya loyihasining muallifi (keyinchalik bu Konstitutsiya “Neru Konstitutsiyasi” nomi bilan mashhur bo’ldi). Ad.: Antonova K. A., Bongard-Levin G. M., Kotovskiy G. G., Istoriya Indii, 1979; Gore v A., Zimyanin V., Neru, M., 1980.