Niamey

Niamey — Niger poytaxti. Mamlakatning muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Niamey departamentining ma’muriy markazi. Niger daryosi sohilida, 163 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi subekvatorial iqlim, o’rtacha yillik temperatura 25°. Yiliga 350 mm yog’in yog’adi. Aholisi 627 ming kishi (1999). 19-asr oxirlarida Niamey o’rnida qishloq bo’lgan. 1926 yilda Niger frantsuz mustamlakasining ma’muriy markazi Zinder shahridan Niameyga ko’chirilgan. 1960 yil avgustdan Niger Respublikasi poytaxti. Muhim transport yo’llari tuguni, Niger daryosidagi pristan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Qishloq xo’jalik rayonining savdo markazi. To’qimachilik fabrikasi, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari, mebel, qishloq xo’jalik anjomlari ishlab chiqariladi. Hunarmandchilik rivojlangan (kulolchilik buyumlari, teri, kumush, oltin va yog’ochdan turli buyumlar tayyorlanadi). Issiklik elektr stansiyasi ishlab turibdi. Prezident saroyi, mehmonxonalar, universitet (1973), Sog’liqni saqlash milliy maktabi, geologiya va konchilik ishlari bo’yicha byuro, tropik o’rmonchilik texnika markazi, qishloq xo’jalik instituti kabi ilmiy muassasalar, milliy muzey bor.