Nisbiylik nazariyasi
Nisbiylik nazariyasi – fazo va vaqtning har qanday fizik jarayon uchun o’rinli bo’lgan xususiyatlari haqidagi hozirgi zamon fizika ta’limoti. A. Eynshteyn yaratgan Nisbiylik nazariyasi 2 qismdan: maxsus Nisbiylik nazariyasi va umumiy Nisbiylik nazariyasidan iborat bo’lib, maxsus Nisbiylik nazariyasi 1905 yilda, umumiy Nisbiylik nazariyasi 1916 yilda nihoyasiga yetkazilgan. Fazo va vaqt hakidagi tushunchalar turli davrda turlicha bo’lgan. Klassik fizikada vaqtning fazo bilan materiyaga hech qanday dahli yo’q. Fazo va vaqt haqidagi klassik mexanika ta’limotini Galiley nisbiylik printsipi asosida matematik ravishda ifodalash mumkin. Fazoning anik nuktasida aniq vaqtda ro’y beruvchi hodisani voqea deyiladi. Mexanik hodisalar barcha inersial sanoq sistemalarda bir xil ro’y beradi, demak, harakat tenglamasining yozilish shakli barcha inersial sanoq sistemalarda bir xildir. Bu xususiyat Galiley almashtirishlariga nisbatan Nyuton harakat tenglamasining invariantligi deyiladi. Nisbiylik nazariyasiga ko’ra, fizik jarayonlarda fazo va vaqt xususiyatlari o’zaro bog’liqdir. Fazo va vaqtning o’zaro bog’lanishi harakat tufaylidir. Jism turli harakatda ekan, fazo va vaqt xususiyatlari ham turlichadir. Maxsus Nisbiylik nazariyasi uchun 2 printsip (asosiy qonun) zamin hisoblanadi: birinchisi nisbiylik printsipi, ikkinchisi yorug’lik tezligining doimiyligidir. Nisbiylik printsipiga asosan, fizik qonuniyatlarni ifodalovchi matematik tenglamalar bir xil ko’rinishga ega, ya’ni ular turli inersial sanoq sitemalarga nisbatan invariantdir. Ikkinchi printsipni quyidagicha ifodalash mumkin: yorug’likning bo’shliqdagi tezligi barcha inersial sanoq sistemalarda bir xil qiymatga ega bo’lib, yorug’lik manbaining harakatiga bog’liq emas. Gravitatsiya, fazo va vaqt haqidagi hozirgi zamon fizik nazariyasi, asosan, A. Eynshteyn tomonidan yaratildi va u umumiy Nisbiylik nazariyasi nomini oldi. Umumiy Nisbiylik nazariyasining yaratilishida ekvivalentlik printsipi asos bo’lib xizmat qildi. Nisbiylik nazariyasidan kelib chiquvchi xulosalar juda ko’p tekshirishlar, kuzatishlar va tajribalar asosida tasdiqlangan. Hozirgi kungacha Nisbiylik nazariyasining kamchiliklari mavjudligini ko’rsatuvchi biror dalil yoki tajriba natijalari ma’lum emas. Ad. Eynshteyn A., Sbornik nauchnix trudov, t.t. 1-4, M., 1965-67; Bekjonov R., Eynshteyn va nisbiylik nazariyasi, T., 1978.