Niso
Niso — antik va o’rta asr shahar xarobasi; qadimgi Parfiya davlatining poytaxti (miloddan avvalgi 3—milodiy 3-asrlar). Ashxoboddan 18 kilometr shimoli-g’arbda joylashgan. Niso ikkita tepalik (yangi Niso, maydoni 18 gektar va eski Niso, maydoni 14 ga)dan iborat. 1946-60 yillarda Nisoda professor M. E. Masson tomonidan arxeologik qazishmalar olib borilgan. Natijada juda boy va xilma-xil arxeologik materiallar topilgan. Ular orasidagi sopolga bitilgan yozuvlardan birida eski Niso tepaligi qadimda Mixridatkirt deb atalgani ma’lum bo’ldi. Yangi Niso tepaligi esa antik davrda Parfiya podsholigining poytaxti bo’lgan. Nisodan ibodatxona qoldig’i, sopol haykalli hashamatli zal, podsho xazinasi va monumental uy-joy qoldiqlari ochilgan. Xonalardan biri to’rtburchakli san’at koshonasi bo’lib, u ellinizm an’analari asosida qurilgan. Miloddan avvalgi 3— 1-asrlarga oid bu zaldan parfiya madaniyatiga oid marmar haykal, fil suyagiga jilo berib ishlangan qadah (riton)lar va boshqa buyumlar topilgan. Nisodagi xo’jalik arxividan Parfiya podsholigining miloddan avvalgi 1-asrga oid iqtisodiy va ma’muriy tuzumini jahonga ma’lum qiluvchi sopol parchalariga bitilgan 200 ta hujjat, shuningdek, harbiy qurollar va bezak buyumlar, terrakota va metaldan ishlangan mayda haykalchalar, turli jihoz va boshqalar topilgan. O’rta asrlarda Niso Xurosonning muhim markazi bo’lgan. Ad.: Trudi YUTAKE, tom 1-2, 4, 6. Ashxabad, 1949-58; Koshelenko G. A., Kultura Parfii, M., 1966; Pugachenkova G. A., Iskusstvo Turkmenistana, M., 1967.