Nival mintaqa
Nival mintaqa, mangu qorlar mintaqasi — tog’lardagi eng yuqori tabiiy balandlik mintaqasi; odatda, qor chizig’idan yuqorida joylashgan bo’ladi. Qutbiy va undan quyiroqdagi o’lkalarda dengiz sathiga qadar yoyilgan. Qor bo’ronlari va qor ko’chkilari sababli hamda muz tillarining yanada quyiroqqa siljishidan Nival mintaqa elementlari qor chizig’idan ham pastroqqa tushishi mumkin. Markaziy Osiyodagi tog’larning cho’l zonasida Nival mintaqa chegarasi eng yuqori (ayrim joylarda 6500 metrdan baland )dan o’tadi. Nival mintaqa landshafti uchun qor uyumlari va muzliklar, qoya va qurumlar xos. Sovuqdan fizik nurash jarayonlari jadal kechadi. Organik hayoti yaxshi rivoj topmagan. O’simlik qoplami (mox, lishaynik va ba’zi yuksak o’simliklar) juda siyrak, hayvonlar kam uchraydi; faqat qush va hasharotlarning ayrim turlari muqim yashaydi.