Nizomiy Ganjaviy
Nizomiy Ganjaviy (taxallusi; asl ism-sharifi Abumuhammad Ilyos ibn Yusuf ibn Zakiy Muayyad) (1141 — Ganja shahri, Ozarbayjon — 1209.12.3) — Ozarbayjon shoiri va ma’rifatparvari. Ota-bobolari Eronning Qum shahridan bo’lib, onasi (Ganja atrofidagi qishloqlardagi) kurd sarkardalaridan birining qizi bo’lgan. Qur’onni yod olgan. Fiqh, tarix, Geografiya, falsafa, mantiq va adabdan ta’lim olib, ularning har birida ustod darajasiga yetishgan. Tabiiy fanlar, xususan, tabobat va ilmi nujum (astronomiya)ni ham yaxshi bilgan. Zamonaviy ilmlardan tashqari, yunon falsafasi va adabiyoti, eroniy xalqlarning islomdan oldingi so’z san’ati, xalifalik davri ilmiy-adabiy asarlari, yahudiy va nasroniy xalqlari tarixi, Kavkaz xalqlarining o’tmishidan yetarli ma’lumotga ega bo’lgan. U yetuk matematik sifatida ham e’tirof etilgan. 12-asrda Xuroson va Movarounnahrning ko’plab shaharlari, jumladan, Ganjada ham javonmardlik yoki axillik bilan mashhur harakat keng yoyilgan. Harakat a’zolari, asosan, kosib va hunarmandlardan iborat bo’lib, ular zolim hukmdor va amaldorlarga qarshi kurashgan, keng xalq ommasining manfaatlarini himoya qilgan. Ezgulik, adolat, insof, muruvvat, lutfu karamni shior qilib olgan bu toifa ilmu ma’rifatga katta ahamiyat bergan. Nizomiy Ganjaviy bu harakat kridalarini hurmat qilgan va ularga moyil bo’lgan. Nizomiy Ganjaviy shaxsiyati, dunyoqarashi va ijtimoiy aqidalari shu tashkilot goyalari, kosib va hunarmandlar ta’sirida kamol topgan. Nizomiy Ganjaviy o’z asarlarini o’sha zamondagi shoh va shahzodalarga bag’ishlagan, Lekin saroy shoiri bo’lishni istamagan, bu hakdagi taklifni rad etgan. Nizomiy Ganjaviyning 20 ming baytdan iborat she’riy devoni bo’lgan. Shoirning lirik she’rlari turli bayoz va to’plamlardan tarkib topib, jamlangan. Lekin undan ayrim parchalar: 16 qasida, 192 g’azal, 5 qit’a, 68 ruboiy va 17 bayt saqlanib qolgan, xolos. Asosiy asari “Xamsa”: 1. “Mahzan ul-Asror” (“sirlar xazinasi”, 1173 yoki 1180)da muqaddima va xotimadan tashqari 20 maqola bo’lib, har maqolaga oid 20 hikoya mavjud. Asarda shoir yashagan davrning muhim ijtimoiy siyosiy va axloqiy-ta’limiy masalalari aks etgan. Keyinchalik bu asarga javoban forsiy va turkiy adabiyotlarda 40 dan ortiq dostonlar (Navoiy, “hayrat ul-Abror”) yaratilgan. 2. “Xusrav va Shirin” (1181) sevgi va sadoqat mavzuida; 3. “Layli va Majnun” dostoni (1188) Arab rivoyatlari asosida yaratilgan; 4. “Haft paykar” dostoni (1196) Baxrom go’r va uning nomi bilan bog’liq voqealarga asoslangan. Asar hikoya ichida hikoya tarzida yozilgan bo’lib, ularda inson tarbiyasi, xulq-atvori bilan bog’liq g’oyalar ilgari surilgan. Hikoyalarida xalq ertaklari ta’siri sezilib turadi; 5. “Iskandarnoma” dostoni (1190-1200) da Nizomiy Ganjaviy o’zining Odil va ma’rifatli shoh, komil inson, ideal jamiyat haqidagi orzularini Iskandar obrazi va xayoliy tasvirlar orqali ifodalagan. “Xamsa” Sharq xalqlari adabiyotlari rivojiga katta ta’sir etgan. 13-asrdan boshlab bir qancha shoirlar (Amir Xusrav Dexdaviy, Navoiy, Jomiy va boshqalar) “Xamsa” yozganlar. Navoiydan tortib barcha o’zbek shoirlari Nizomiy Ganjaviyni o’zlariga ustoz deb bilishgan. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da uni shayxlar qatorida zikr etgan. 14-asr o’rtalarida qutb Xorazmiy “Xusrav va Shirin” dostonini turkiy tilga tarjima qilgan. Haydar Xorazmiy shoirning “Maxzan ul-Asror” asariga javoban “Gulshan ul-Asror” dostonini bitgan. Ogahiy “Haft paykar”ni nasriy tarjima qilgan. “Nizomiy she’riyatidan” to’plami Shoislom Shomuhamedov tarjimasida chop etilgan (1983). Unda shoir qasidalari, g’azallari, qit’alari, ruboiylari va hikmatlaridan namunalar, shuningdek, “Maxzan ul-Asror” va “Haft paykar” dostonlaridan parchalar mavjud. Toshkent pedagogika institutiga Nizomiy nomi berilgan (1947). Asarlari asosida kinofilm va baletlar, tasviriy polotnolar yaratilgan. As: Nizomiy Ganjaviy, Guldasta,T., 1947; Nizomiy she’riyatidan, T., 1983; Injular ummoni, T., 1989. Ad.: Bertels E. E., Izbrannie trudi, Nizami i Fuzuli, M., 1962; Erkinov S, G’anixonov M., Nizomiy Ganja- viy, T., 1992; Homidiy H., Ko’hna Sharq darg’alari, T., 1999; Abdurahmon Jomiy, Bahoriston, T., 1997; Alisher Navoiy, Nasoyim ul-muhabbat, 17-j., T., 2001. Ergash Ochilov.