No’g’ay

No’g’ay (13-asrning 1-yarmi — 1300) — Oltin O’rda tumanboshisi, Jo’jixonning evarasi. Berkaxon qo’shini qo’mondoni sifatida Huloku va uning vorislariga qarshi bir qancha yurishlar qilgan. Janglardan birida bir ko’zidan ajralgan. Berkaxon vafotidan so’ng Oltin O’rdada No’g’ayning obro’-e’tibori tez ortib borgan. Dondan Dunaygacha bo’lgan ulkan hudud No’g’ay nazorati ostida bo’lgan. 13-asrning 70-yillaridan o’z tasarrufidagi ulusda mustaqil siyosat yurgiza boshlagan. No’g’ay Vizantiya imperatori Mixail Paleologning nikohsiz tug’ilgan qizi — Evfrosiniyaga uylangan (1273). 1271, 1277, 1278 yillarda No’g’ay imperator Mixailning iltimosiga ko’ra, Bolgariyaga qarshi yurish qiladi. Keyingi o’n yillikda No’g’ay qo’shinlari Bolgariya, Frakiya va Makedoniya yerlarini bir necha bor g’orat qiladi. Dunay orti davlatlari, xususan, Tirnovo shohligi, Branichevskiy va Vidin knyazliklari No’g’ayga tobe etiladi. 90-yillarda Serbiya qiroli Milutin o’zini No’g’ayning vassali sifatida tan oladi. No’g’ay bilan ittifoqda bo’lishga rus knyazliklari, Polsha, Vengriya, Bolgariya, Serbiya harakat qilishgan. No’g’ay yordamida Telebug’axon (To’labug’axon) Oltin O’rda taxtidan tushirilib, o’rniga to’qta o’tqazilgan. To’qta qudratli tumanboshidan xalos bo’lish maqsadida No’g’ayga qarshi harbiy harakatlar boshlagan. 1300 yil Donning g’arbidan oquvchi Ko’kanliq daryosi bo’yidagi hal kiluvchi jangda No’g’ay qo’shini tor-mor keltirilgan. No’g’ay asir olinib, qatl etilgan. No’g’ay nomi bilan keyinchalik no’g’aylar atala boshlagan. Ad.: Egorov V. L., Istoricheskaya Geografiya Zolotoy ordi v XIV—XVI vv., M., 1983. Hamidulla Dadaboyev.