Nontronit
Nontronit (Frantsiyadagi Nontron shahri nomidan) — smektitlar (Montmorillonit) guruhining qatlamli silikatlar kichik sinfiga mansub mineral, (Fe, Mg)2[Si4Ol0] (OH)2nH2O. Tarkibi barqaror emas. Izomorf aralashmalar sifatida Al, Mg, Ni, Co, Si, Zn mavjud. Monoklin singoniyada kristallanadi. Tuproqsimon va zich (opal ko’rinishida) agregatlar holida uchraydi, ushlab ko’rilganda yog’simon. Rangi yashilsimon-sariq, qo’ng’irdan to’q yashilgacha. Sinishi chig’anoqsimon. Qattikligi mineralogik shkala bo’yicha 2, zichligi 1700-1900 kg/m3. Sorbtsion xususiyatga ega, suvda ko’pchiydi. Nontronit — turli o’ta asosli otqindi va metamorfik tog’jinslaridagi tarkibida temir bo’lgan silikatlarning Nurashidan hosil bo’lgan tipik gipergen mineral. Nikel rudasi tarkibiga kiradi. Qozog’iston, Rossiya Federatsiyasi, Kuba, Frantsiya, Avstraliya va boshqa joylarda konlari bor.