Normativ-huquqiy hujjatlar
Normativ-huquqiy hujjatlar — vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslarning umummajburiy ko’rsatmasi. Ularda huquq normalari (qonun, kodeks, Farmon, qaror, yo’riqnoma va boshqalar) o’rnatiladi, o’zgartiriladi va bekor qilinadi. Normativ-huquqiy hujjatlar O’zbekiston Respublikasida huquqning asosiy manbaidir. O’zbekiston Respublikasining 2000 yil 14 dekabrda qabul qilingan “normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 2-moddasiga ko’ra, “… umummaj- burii davlat ko’rsatmalari sifatida qonun hujjatlari normalarini belgilash, o’zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar deb hisoblanadi”. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslar O’zbekiston Respublikasida Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish hukuqiga ega. Normativ-huquqiy hujjatlarning asosiy belgilari quyidagilar: vakolatli davlat organi tomonidan umumiy qoidalarga asosan chiqariladi, aniq o’rnatilgan tartiblar asosida qabul qilinadi; Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayoni huquq ijodkorligi mahsuli bo’lib hisoblanadi; Normativ-huquqiy hujjatlar ushbu hujjatning nomidan kelib chiqib umumiy xarakterdagi xulq-atvor qoidalarini huquq normalari ko’rinishida mujassamlantiradi; Normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy hujjat bo’lib, belgilangan shakl va rekvizitlarga ega: rasmiy nomi, raqami, ushbu hujjatni qabul qilgan organning nomi, qabul qilingan va kuchga kirgan vaqti, rasmiy e’lon qilingan joyi va hokazolar; Normativ-huquqiy hujjatlar yuridik kuchga ega. Normativ-huquqiy hujjatlarga quyidagi asosiy talablar qo’yiladi: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqayotgan organ, qoida tariqasida, loyihani tayyorlash yuzasidan komissiya tuzadi; Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashga manfaatdor davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning vakillari, ayrim fuqarolar jalb etilishi mumkin; Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi organ bir necha davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqalar. Tashkilotlarga ayrim fuqarolarga muqobil loyihalar tayyorlashni topshirishga yoki ular bilan shartnomalar tuzishga, shuningdek, eng yaxshi loyiha uchun tanlovlar e’lon qilishga haqlidir; vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo’yicha ishini muvofiqlashtirib turish O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi; Normativ-huquqiy hujjatlarning matni lo’nda, oddiy va ravon tidda bayon etiladi. Normativ-huquqiy hujjatlarda uni amalga oshirishning huquqiy vositalari, shu jumladan, moliyalashtirish manbalari, rag’batlantirish, mukofotlash va nazorat qilish chora-tadbirlari va shu kabilar ko’rsatilishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjatlar agar uning matnida boshqa izoh berilmagan bo’lsa, muddatsiz amal qiladi. Normativ-huquqiy hujjatlar amal qilishining vaqtinchalik muddati butun hujjat uchun yoki uning qismlari uchun belgilanishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi hududidagi chet ellik yuridik shaxslar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga tatbiq etiladi. Nurmat Saburov.