Novadon arig’i

Novadon arig’i – Samarqand shahrining eng qadimgi suv manbalaridan biri. Shahar hududini shimoldan Janubga kesib o’tuvchi Novadon arig’i buloq suvidan hosil bo’lgan. Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida “Samar qazdirgan buloq” sifatida qayd etilgan. Manbalarda ko’rsatilishicha, Novadon arig’idan chiqarilgan maxsus ariq orqali miloddan avvalgi 5-4-asrlarda Afrosiyobga suv olib kelingan. Ilk o’rta asrlarda Novadon arig’i “Chokardiza” nomi bilan mashhur bo’lgan. Undan suv shaharga Jo’yi Arziz orqali olib o’tilgan. Ehtimol shu tufayli bu suv manbai — Novadon, ya’ni “Novali” nomini olgan.