Novgorod

Novgorod — Rossiya Federatsiyasidagi shahar. Novgorod viloyati markazi. Volxov daryosining har ikkala sohilida, Ilmen ko’lidan 6 kilometr. Moskva — Sankt-Peterburg avtomagistralida. Temir yo’l tuguni. Pristan. Aholisi 232,4 ming kishi (1998). Shahar dastlab 859 yilga mansub Novgorod I yilnomasida tilga olingan. Sharqiy Yevropaning muhim savdo yo’li o’tgan yerda joylashgani uchun yirik savdo markazlaridan hisoblangan. 10-asrda hunarmandchilik rivojlangan. Novgorod 1136-1478 yillarda Novgorod feodal respublikasining markazi. Novgorodga mo’g’ullar istilosi davrida shikast yetmagan, shuning uchun milliy madaniy boyliklar yaxshi saqlangan. Moskva knyazi Ivan III 1478 yil Novgorodni Moskva Knyazligiga qo’shib oldi. 1727-1927 yillarda Novgorod gubernyasining ma’muriy markazi. 2-jahon urushi davrida shahar jiddiy zarar ko’rdi. Shaharning ko’pchilik zavod va fabrikalari urushdan keyin qurilgan. Sanoati: mashinasozlik va metallsozlik (shu jumladan, radioelektronika sanoati), kimyo, yog’ochsozlik, oziq-ovqat, yengil sanoat. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Shahar hududida qadimgi yodgorliklardan: Sofiya sobori (1045-50) va boshqa soborlar va cherkovlar saqlanib qolgan. Arxeologik qazishmalar natijasida shahar qurilishi qoldiqlari, yog’och qrplangan ko’chalar, moddiy madaniyat buyumlari, beresta yorliqlari topildi. 3 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet), teatr, tarixiy-me’moriy muzey-qo’riqxonasi bor.