Novokuznesk

Novokuznesk (1622-1931 yillarda Kuznesk-Sibirskiy, 1932-1961 yillarda Stalinsk-Kuznesk) — Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatidagi shahar. Tom daryosining har ikkala sohilida. Temir yo’l tuguni. Aholisi 564 ming kishi (1998). Novokuznesk 1617 yilda qal’a sifatida vujudga kelgan. Rossiya Federatsiyasining metallurgiya markazlaridan biri. 1917 yilgacha kichik savdo va hunarmandchilik markazi bo’lgan. Sanoati 1929 yil Kuznesk metallurgiya kombinatining qurilishi munosabati bilan rivojlandi. Asosiy korxonalari: Kuznesk, G’arbiy Sibir metallurgiya kombinatlari. Ferroqotishmalar, alyuminiy zavodlari va boshqalar ishlab turibdi. Mashinasozlik va metallsozlik rivojlangan. Kimyo-farmasevtika ishlab chiqarish birlashmasi, yengil, oziq-ovqat sanoati mavjud. Toshko’mir qazib olinadi. 2 oliy o’quv yurti, 2 teatr, 4 muzey (shu jumladan, o’lkashunoslik, tasviriy san’at muzeylari) bor.