Nukus pedagogika instituti
Nukus pedagogika instituti, Ajiniyoz Ko’siboy o’g’li nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti — pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1943 yil Qoraqalpog’iston davlat o’qituvchilar instituti (1934) negizida Qoraqalpog’iston pedagogika instituti nomi bilan tashkil etilgan. Dastlab To’rtko’l va Chimboyda bo’lgan. 1945 yildan Nukus shahrida. 1976 yil institut Qoraqalpog’iston universitetiga aylantirilganligi munosabati bilan u tugatildi. 1990 yil hozirgi nomi bilan qayta tashkil etildi. 1993 yildan Qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Ko’siboy o’g’li nomi bilan atalgan. Institutda 11 fakultet (qoraqalpoq tili va adabiyoti; tabiatshunoslik; Filologiya; rus-ingliz Filologiyasi; musiqa, tasviriy san’at va chizmachilik; tarix- geografiya; matematika-informatika; boshlang’ich ta’lim metodikasi; Maktabgacha tarbiya; muhandislik-pedagogika; jismoniy tarbiya), sirtqi, maxsus sirtqi va magistratura bo’limlari, 35 kafedra, 38 kabinet, 13 laboratoriya, 3 lingafon kabineti, 215 kompyuter sinfi, kichik bosmaxona,7 Internet tarmog’i, 2 elektron kutubxona, zamonaviy 2 sport zali, “Turon” stadioni, 3 kutubxona, 4 qiroatxona, 4 ustaxona, o’quv tajriba xo’jaliklari, sog’lomlashtirish lageri, “To’maris” va “Ziuar” ansambllari bor. Kunduzgi bo’limda 20, sirtqi bo’limda 10, maxsus sirtqi bo’limda 5 ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavrlar va 3 mutaxassislik bo’yicha magistrlar tayyorlanadi. 1993 yildan aspirantura mavjud. 2002/03 o’quv yili institutda 4906 talaba ta’lim oldi, 431 o’qituvchi, jumladan, 1 O’zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi, 17 fan Doktori va professor, 111 fan nomzodi va dotsent ishladi. Turli yo’nalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Xorijiy davlatlar va MDH mamlakatlarining oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlik qiladi. Tashkil bo’lgandan beri institut 20 mingdan ortiq mutaxassis tayyorladi (2003).