Nuriddinov Akmal Vahobovich
Nuriddinov Akmal Vahobovich (1959.27.2, Namangan) — rangtasvir ustasi; O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1997), O’zbekiston xalq rassomi (2003). P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1978),Mannon Uyg’ur nomidagi teatr va rassomlik san’ati instituti (1984)ni tugatgan. Nuriddinov ijodida ezgulik va yovuzlik, yorug’lik va zulmat to’qnashuvi va bunda ezgulik va yorug’likning tantanasi, ma’naviy qadriyatlar tarannum etiladi, mustaqillik olib kelgan o’zgarishlar, muhabbat, oilaviy baxt-saodat, insof va diyonat o’z aksini topdi. Asarlari: “Hayot boshlanmoqda” uchligi, “Umid bulog’i”, “Ajdodlar nazari” (1987); “Kushan qishlog’i”, “tong”, “Kushan afsonasi” (1988); “Oila” (1990); “Darvish”, “Shahar taqdiri”, “tun va kun”, “unutilgan qadriyatlar”, “Shirin tush” (1992); “Tojmahal”, “muhabbat bog’i” (1993); “Ishq olmasi”, “tun va kun. Zulmat va Ziyo” (1995); “Jayxun”, “fikr parvozi” (1996); “Tavhid” (1997); “Rishton natyurmorti”, “Ilhom pariey” (1998); “Muhabbat vodiysi”, “Armon” (2000); “Oy ustidagi pari” (2001); “Jannat uchligi”, “ona” (2003) va boshqalar. Nuriddinov 1987 yildan respublika va xalqaro ko’rgazmalarda asarlari bilan ishtirok etadi. Asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar (AQSh, Hindiston, Shveytsariya va boshqalar) muzeylari va xususiy to’plamlarda saqlanadi.