Nurxasi

Nurxasi (1559-1626) — manjur xoni. Oysingoro qavmidan. Min sulolasi tumanboshisi mangu Temurning avlodi. Szyanchjou jujanlari qabilasi boshlig’i (1583). Min imperiyasi vassali; 1589 yil minlarga ko’rsatgan xizmati uchun Dudu syanshi (general) harbiy unvonini olgan. Nurxasi manjur kabilalarini birlashtirishga kirishgan. 30 yillik urush harakatlaridan so’ng, 1616 yil Nurxasi Xetuola (hozirgi Lyaonin viloyatida) shahrini markaz qilib xonlik tashkil etib, o’zini “Yingmin xon” deb e’lon qilgan. U davlatiga “dajin” (ulug’oltin ma’nosida, ruscha Daszin) deb nom bergan, uning asosini 8 qismdan iborat armiya tashkil etgan. Har bir qismning tug’i (bayrog’i) bo’lib, ularning rangi bir-biridan farq qiladi. Shu tufayli Nurxasining armiyasi “8 tug’li armiya” deb nomlangan. 1618 yildan Min imperiyasi bilan urush olib borgan. 1626 yil Nin’yuan shahriga navbatdagi hujumi vaqtida Nurxasi minlarning generali Yuan Chungxuan qo’shinidan mag’lubiyatga uchragan. Uning o’rnini 8-o’g’li Xuntayji egallagan va ishini davom ettirgan. 9nabirasi Oysingoro-Fu-Lin (Shizu — 1638-61) davrida manjurlar Min sulolasini ag’darib, manjuriya va Xitoy hududi asosida chin (Tsin) imperiyasini tashkil etgan. Nurxasining ruhini shod etmoq uchun unga “Tayzu Xuandi” (“sulola asoschisi bo’lgan xoqon”) deb nom berilgan. Manbalarda ushbu nomni boshqa sulolalardan farq qilish maqsadida “chin tayzu” deb atash qabul qilingan. Abdulahad Xo’jayev.