Nyu

Nyu (Fransuzcha pi — yalang’och) — tasviriy san’atning yalang’och, ko’proq ayol tanasini tasvirlovchi janri. Uyg’onish davrida mifologiya, allegoriya (majoz), tarixiy va maishiy janrlar sohasida yuzaga kelgan. Jorjone, Tisian, Korrejo va boshqalarning asarlarida yalangoch ayol tanasi tasviri orkali italyan insonparvarlarining ayol go’zalligi haqidagi tasavvurlari ifoda etilgan. Janr sifatida 17-asrda shakllangan. P.P.Rubens asarlarida barokkoga xos hashamdor shakllar, yosh go’zalning hayotiy nafosati aks etgan. Velaskesning “Venera ko’zgu bilan” (1651) asarida ayol tanasi asosiy mavzuga aylansa, Rembrandtning “Suvga tushayotgan ayol” (1655) asarida ayol nozik maishiy holatda tasvirlanadi. G. Kurbe asarlarida mifologik asosdan voz kechadi, O. Renuar asarlarida yalang’och ayol manzara bilan uyg’unlikda (nur va havoga cho’milayotganday) tasvirlanadi. Nyu namunalaridan biri — A.S. Belolli (1820-1881 )ning “cho’milayotgan ayol” asari (1870) O’zbekiston san’at muzeyida saqlanadi. 20-asr tasviriy san’atida Nyu rivoji yangi ifoda vositalari izlash bilan bog’liq bo’lib (P. Pikasso, A. Modilyani va boshqalar), bu obrazlar ta’sirchanligini oshirdi.