Nyu-York

Nyu-York — AQShning eng katta sanoat, moliya, savdo-transport hamda siyosiy va madaniy markazi, dunyodagi eng yirik shaharlardan biri. Atlantika okeani sohilida, Gudzon daryosining quyilish joyida. Shaharning markaziy qismi Manxattan orolida joylashgan. Iqlimi mo’tadil, sernam iqlim; yanvarning o’rtacha temperaturasi g, iyulniki 23°. Yillik yog’in 1000 mm. Maydoni (shaharning munisipal chegarasi doirasida, suv havzalarisiz) 953 km2. Aholisi 8 million kishi (2001). Nyu-Yorkning amalda qo’shilib ketgan shaharlar va shahar atrofi bilan birga maydoni 27 ming km2, aholisi 19 million kishi. Shahar aholisining ko’pchiligi asli yevropalik, osiyolik va afrikaliklar, xususan, 15% qoratanlilar, 14% kelib chiqishiga ko’ra italyanlar, 12% puertorikanlar va boshqalardan iborat. Nyu-York 5 ta shahar rayoniga bo’lingan. Shaharni mer, munisipal kengash va hisoblar boshqarmasi idora qiladi. Mer aholi tomonidan 4 yilga saylanadi. Ilk bor manxattan oroliga 1613 yilda gollandlar kelib o’rnashgan. Shaharga 1625 yilda asos solingan. 1626 yildan yangi Amsterdam deb atalgan. 1664 yilda yangi Amsterdamni inglizlar bosib olib, gersog Yorkskiy sharafiga Nyu-York deb ataganlar. 1785-90 yillarda Nyu-York AQShning muvaqqat poytaxti. Shaharda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning shtab-kvartirasi joylashgan. Nyu-York — AQShda eng katta, dunyoda eng yirik dengiz portlaridan. Chetdan keltiriladigan yuklar (neft, tropik o’simliklar mahsuloti, xom ashyo, sanoat buyumlari) chetga chiqariladigan yuklar (sanoat buyumlari, oziq-ovqat) dan 3 marta ko’p. Mamlakat tashki savdo aylanmasining 1/4 qismi Nyu-York orqali o’tadi. Shaharda fond birjasi, bank, sug’urta jamiyatlari, sanoat va boshqa korporatsiyalarining boshqarmalari joylashgan. 3 ta katta xalqaro aeroport mavjud. Tikuvchilik va poligrafiya sanoatlari salmoqli o’rin tutadi. Mashinasozlik va metallsozlik (jumladan, elektrotexnika, tayyor qismlardan avtomobil yig’ish, aviaraketasozlik, optika-mexanika), kimyo hamda galantereya va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish rivojlangan. Neftni qayta ishlash, rangli metallurgiya, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Shaharning ayrim qismlarini 60 dan ortiq ko’prik, bir nechta avtomobil tunneli (umumiy uzunligi 370 kilometr) va yo’lovchilar tashish paromlari birlashtirib turadi. 1868 yildan metropoliten ishlab turibdi. Nyu-Yorkda 6 universitet, 40 dan ortiq kollej, Fanlar Akademiyasi va boshqa akademiyalar, institutlar, yirik kutubxonalar, muzeylar, 70 dan ortiq teatr binolari, filarmoniya zali, konservatoriya, kontsert zallari va boshqalar bor. Nyu-Yorkda italyanlar, yahudiy, Xitoy va boshqa millatga mansub aholining ko’cha va kvartallari mavjud. Shahar 19-asr boshidan to’g’ri burchakli reja asosida shakllana boshladi. 19-asr o’rtalariga kelib, ulkan shaharga aylandi. Eng katta ko’chalardan biri — Brodvey (uzunligi 29 kilometr). 19-20-asrlarda ko’p qavatli baland binolar qurila boshlandi. 20-asr o’rtalariga kelib Nyu-York uzunligi 200 kilometr keladigan va bir-biri bilan tutashib ketgan ulkan shaharlar to’dasiga aylandi. 17-18-asrlarda qurilgan binolardan ratusha (1803-12), Triniti-Chyorch cherkovi (1839-46), katta muhandislik inshootlaridan Bruklin ko’prigi (1869-83) va boshqalar saqlangan. Ko’p qavatli binolardan Empayr Steyt bilding (102 qavat, 1930-31), BMT shtab-kvartirasi binosi (1947-52), xalqaro savdo markazi (2 ta 110 qavatli minora, balandligi 412 metr; 1971-73; 2001 yil 11 sentabrda terrorchilar tomonidan portlatilgan) va boshqalar. Yirik ko’priklari: Jorj Vashington va Verrasano-Norrous. Muhim yodgorliklari: Ozodlik haykali, Vashington arki.