Nyufaundlend
Nyufaundlend – Kanadaning Sharqiy qismidagi provintsiya. Atlantika okeani sohilida. Nyufaundlend oroli va Labrador yarim orolining shimoliy-Sharqiy qismida. Maydoni 405,2 ming km2. Ahorlisi 513,6 ming kishi (2002), 54% shaharlarda yashaydi. Ma’muriy markazi va eng katta porti — Sent-Jons shahri. Nyufaundlendning yer yuzasi sertepa tekislik. Daryo va ko’l ko’p. Hududining katta qismi o’rmon, shimoliy tundra. Xo’jaligi eksport mahsulot tayyorlashga ixtisoslashgan. Temir rudasi, qo’rg’oshin, rux va mis qazib olinadi. Tsellyuloza-qog’oz, neft kimyosi, transport mashinasozligi, oziq-ovqat (xususan, baliqni qayta ishlash) sanoatlari rivojlangan. Qishloq xo’jaligi yordamchi ahamiyatga ega. Nyufaundlendga 11-asrda dastlab normannlar borgan. 1497 yilda u yerda ingliz ekspeditsiyasi bo’lgan. 1713 yildan Nyufaundlend Angliya mustamlakasi. Mahalliy aholi (indeys va eskimoslar) juda kam qolgan. 1917 yildan dominion, 1949 yil martdan Kanada tarkibidagi provintsiya.