Nyurnberg

Nyurnberg — Germaniyadagi shahar, Bavariya yerida. Pegnis daryosi va Lyudvig kanali bo’yida. Transport yo’llarining muhim tuguni. Aholisi 486,4 ming kishi (1999). Mamlakatning yirik sanoat markazlaridan. Aeroport bor. Mayn-Dunay kanalidagi port. Elektrotexnika, stanoksozlik, aniq mexanika, kimyo, to’qimachilik, ko’n-teri, oziq- ovqat, yog’ochsozlik, poligrafiya sanoati rivojlangan. Amaliy texnika va tasviriy san’at akademiyalari, universitet, ilmiy tadqiqot markazlari, opera va drama teatrlari, muzeylar (jumladan, o’yinchoqlar muzeyi) bor. Me’moriy yodgorliklar saqlangan. Metropoliten qurilgan. Nyurnberg qo’lyozmalarda 1050 yildan tilga olingan. 1219 yildan erkin shahar. 14— 15-asrlarda hunarmandchilik va savdoning yirik markazi. 1806 yildan Bavariya qirolligi tarkibida. 1945-46 yillarda Nyurnbergda xalqaro harbiy tribunal 2-jahon urushining bosh aybdorlari ishi yuzasidan sud jarayoni o’tkazgan.