Obdasta
Obdasta (forscha — suv va dasta), oftoba — ro’zg’or buyumi; yuz-qo’lni yuvishda ishlatiladigan idish. Obdasta bo’g’zi uzun va tor, quyi qismi (qorni) keng, ba’zan tubida chambaragi bo’ladi (Qo’qon va Toshkent orollari), qopqoqli, uzun va ingichka jo’mrakli, dastali. Qadimdan mis va sopoldan ishlangan, keyinchalik cho’yandan tayyorlana boshlangan, hozirda, shuningdek, zavodlarda alyuminiydan quyib tayyorlanadi. Miskarlar shakliga ko’ra, turli xil Obdasta (o’rdak Obdasta, tovus Obdasta, tuyabo’yin Obdasta va boshqalar) tayyorlaganlar, kandakor ustalar ularni kandakori usulida turli xil nafis naqshlar bilan, ba’zan ko’zlar qadab ajoyib badiiy buyumlar yaratadilar. Ziynatlangan Obdasta namunalari Respublika muzeylarida, xususiy to’plamlarda saqlanadi. Andijon, Namanganda oftoba, Qashqadaryoda ibriq deb ataladi.