Obinovvot

Obinovvot — o’rtapishar qovun navi. Shakli tuxumsimon yoki dumaloq, o’rtacha kattalikda (3-4 kilogramm), faqat dum tomoni to’rlaydi, ba’zan to’rsiz bo’ladi. Tusi to’q sariq, po’stining kalinligi o’rtacha, eti qalin (5-6,5 santimetr), oq, yumshoq, sershira, shirin, tarkibida 7,4—9,3% qand, shuningdek, 4,9—5,6% saxaroza bor. Quruq moddasi 9,2%. Urug’xonasi o’rtacha, urug’i yirik, sariq. Urug’i unib chiqqandan keyin 70-80 kunda pishadi. Hosildorligi 180— 200 ts/ga. Uzoq muddat saqlashga, uzoq joylarga yuborishga yaroqsiz. Farg’ona vodiysida, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarida yetishtiriladi.