Obligatsiya

Obligatsiya (lotincha obligatio — majburiyat) — qiymatiga nisbatan egasiga qat’iy belgilangan daromad keltiruvchi qimmatli qog’oz, qarzni qaytarib berish va foiz to’lashni tasdiqlovchi majburiyatnoma. Fond birjalarida sotiladi. Obligatsiya aholi, korxona va tashkilotlar qo’lidagi pul mablag’larini to’plab, biror maqsad yo’lida safarbar etish uchun chiqariladi. Obligatsiya, asosan, davlat, mahalliy va korporatsiya Obligatsiyalariga bo’linadi. Daromad davlat tomonidan chiqariladigan Obligatsiya bo’yicha yutuq, kompaniyalar Obligatsiyalariga foiz shaklida to’lanadi. Obligatsiya uyushtirilgan savdo orqali (birjalarda) va erkin joylashtiriladi. Obligatsiya moddiy yoki pul mablag’i evaziga kafolatlangan yoki kafolatlanmagan, ya’ni Obligatsiya chiqaruvchilarning chin so’zi va obro’si bilan ta’minlangan yoki ta’minlanmagan bo’lishi mumkin. Ba’zi Obligatsiyalar konvertirlanadi (Obligatsiya egasi uni boshqa Obligatsiyaga almashtirib olish huqukiga ega bo’ladi). Obligatsiyaning bozor narxi uning nominalidan yuqori yoki past bo’ladi. Zayom Obligatsiya ilk bora 17-asr boshlarida Angliyada chiqarilgan bo’lib, keyinchalik jahonning bir qancha mamlakatlarida muomalaga kiritilgan. Ular, asosan, davlat hamda aktsiyadorlik kompaniyalari tomonidan chiqarilib, ssuda kapitali bozorida erkin muomalada bo’lgan. O’zbekistonda 1996 yildan Moliya vazirligi tomonidan yuridik shaxslarga mo’ljallangan davlat qisqa muddatli Obligatsiyalari muomalaga chiqarila boshlandi. Obligatsiyani sotishdan kelib tushgan mablag’lar davlat byudjeti taqchilligini qoplashga yo’naltiriladi.