Obsidian

Obsidian (lotincha Obsidianus lapis — Obsidiy toshi; toshni Efiopiyadan keltirgan rimlik Obsius nomidan) — shishasimon vulkanik tog’jinsi. Rangi ko’pincha qora, qizg’ish-qoramtir; mayda changsimon gematit zarrachalari Obsidianga dog’simon tus beradi. Qattiqligi 5; zichligi 2,5—2,6 g/sm3. Kimyoviy tarkibi har xil, ko’pincha liparitga yaqin, hajmining 80% atrofida silikat shishasi va 1% gacha suv bor. Nordon liparit yoki liparitdasit lavalarining qotishidan hosil bo’ladi. Obsidian oson silliqlanadi. Obsidiandan tosh va jez davrlarida kamon o’qi va nayza uchi, pichoqlar yasalgan, hozirgi davrda ba’zilari bezak buyumlar tayyorlashda, asosan, yengil betonlarga bo’rttiruvchi qo’shimcha sifatida, yo’l qurilishida va binolarni bezashda ishlatiladi. Obsidianning ba’zi turlaridan (ongonitlar) litiy, tseziy, berilliy va boshqa noyob elementlar ajratib olish uchun foydalanish mumkin.