Odessa

Odessa — Ukrainaning Odessa viloyati markazi. Ukrainaning yirik sanoat, madaniyat, ilmiy va kurort markazlaridan biri. Qora dengizning shimoliy-g’arbiy sohilidagi port. Shosse va temir yo’l tuguni. Aholisi 1037 ming kishi (1997). Shahar 6 tumanga bo’lingan. Odessa o’rnida 15-asrda turklarning “Xajibey” qal’asi bo’lgan. Uni ruslar egallab, 1793 yil o’zlarining Janubdagi tayanch punktiga aylantirgan. 1794 yildan shahar, 1795 yildan rasmiy ravishda Odessa nomini oldi. Shaharning Markaziy qismida A. E. Rishele haykali va Potyomkin zinasi joylashgan klassik binolar ansambli bor (1826-41). Klassisizm uslubida qurilgan Voronsov, Potoskiy, Narishkina saroylari, eski birja, gospital, Odessa atrofi va uning chekkalarida — iqlimiy va balneobalchiq kurortlar (Arkadiya, Luzanovka va boshqalar) mavjud. Odessada tarixiy voqealar bilan bog’liq joy ko’p. 1941-44 yillarda Odessani nemis fashistlari egallab turdi. Shahar 1944 yil 10 aprelda ozod qilindi. 1965 yil Odessaga qahramon-shahar faxriy unvoni berildi. Odessada mashinasozlik (stanoksozlik, yuk-transport, sovitkich, tibbiy, savdo, poligrafiya va boshqa asbob-uskunalar, agregatlar, hisoblash mashinalari ishlab chiqarish va boshqalar), kimyo, neftni qayta ishlash, kimyo-farmasevtika, oziq-ovqat, yengil (jut, to’qimachilik va boshqalar) sanoat korxonalari bor. Po’lat prokat ishlab chiqarish birlashmasi faoliyat ko’rsatadi. Odessa — yirik dengiz porti. Havo liniyalari orqali yirik shaharlar bilan bog’langan. Odessada Antarktika kit ovlash flotiliyasi bazasi, 14 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet, konservatoriya), Ukraina Fanlar Akademiyasining Janubiy ilmiy markazi, 7 teatr (shu jumladan, opera va balet teatri), arxeologiya, badiiy, A. S. Pushkin nomidagi, adabiy-memorial muzeylari, tsirk, filarmoniya, konservatoriya, kinostudiya bor.