Odob
Odob (Arabcha — adab so’zining ko’pligi) — jamiyatda e’tirof etilgan xulq normasi. Shaxs ma’naviy hayotining tashqi jihatini ifodalaydi va o’zgalar bilan munosabat (oila, mehnat jamoasi, turli marosimlar)da namoyon bo’ladi. Odob negizida axloqning ba’zi tamoyil va me’yorlari, shuningdek, maqsadga muvofiqlik va go’zallik (estetika) talablari yotadi. Odob kishining jamoat orasida o’zini qanday tutishi, odamlar bilan qay yo’sinda muomala qilishi, o’z turmushi, bo’sh vaqtini qanday tashkil etishi, inson tashqi qiyofasi qanday bo’lishi lozimligiga tegishli qoidalar (masalan, sharm-xayo, kamtarlik, xushmuomalalik, ozodalik singarilar)ni o’z ichiga oladi. Insonning diniy e’tiqodi uning Odobli bo’lib kamol topishiga samarali ta’sir ko’rsatadi. Odob ta’lim-tarbiya, amaliy tajriba jarayonida shakllanadi.