Ofiuralar

Ofiuralar (Ophiuroidea), ilondumlilar — ignaterililar sinfi. Disksimon, gavdasi 10 santimetrgacha, undan 5 ta (ba’zan 10 tagacha) egiluvchan nurlar tarqaladi. Ayrim Ofiuralarning nurlari ko’p marta shoxlanadi (gorgonosefallar). Gavdasining uzunligi nurlari bilan birga 0,5 metrga yetadi. Ko’pchilik Ofiuralar singan nurlarini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Tropik dengizlarning sayoz qismida yashaydigan Ofiuralar rangi juda chiroyli. 2 turkumi: terili Ofiuralar (beshnurli va barcha shoxlangan nurli Ofiuralarni o’z ichiga oladi) va haqiqiy o.ga ajratiladi. 2 mingga yaqin turi bor; dengiz va okeanlar tubida litoraldan boshlab 8 kilometr chuqurlikkacha uchraydi. Ko’pchiligi ayrim jinsli, ayrim turlari germafrodit, jinsiy hujayralarini suvga chiqaradi, lichinkasi ofiopleteus. Ayrim turlari o’zgarish orqali rivojlanadi; tuxumdan chiqqan yosh Ofiuralar maxsus chiqarish xaltasida usadi. Fitoplankton va zooplankton organizmlarni oqimga qarshi yoyilib turadigan qo’llari bilan ushlaydi. Ba’zan dengiz tubida ko’plab to’planadi; bentofag baliqlar uchun oziq.