Og’ir atletika
Og’ir atletika — sport turi, har xil vazn toifalarida og’ir narsalar (shtanga, tosh) ko’tarishda musobaqalashish. Og’irliklarni ko’tarish mashklari qadimgi zamonlardan ma’lum. Rasmiy musobaqalar esa 1860-yillardan (birinchi marta AQShda) o’tkazib kelinadi. Hozirgi vaqtda shtangani ikki qo’llab dast va siltab ko’tarish (1972 yildan) Og’ir atletikaning asosiy mashqlari hisoblanadi. Dast ko’tarishda sportchi shtangani to’xtatmay bir harakat bilan, siltab ko’tarishda — ketma-ket ikkita harakatda — avval ko’krakka olish, keyin esa yuqoriga cho’zilgan qo’llarga ko’tarishni amalga oshiradi. Og’ir atletikachilarni (1977 yildan) 10 vazn toifasiga (52 kilogrammgacha — 110 kilogrammdan yuqori) ajratadilar. Og’ir atletika 1896 yildan Olimpiada o’yinlari (1900, 1908, 1912 yildan tashqari) dasturiga kiradi. 1896 yil 1-Yevropa chempionati, 1898 yil 1-jahon chempionata bo’lib o’tgan. O’zbekistonda birinchi Og’ir atletika to’garagi 1917 yilda Toshkent shahrida ochilgan, u “Toshkent og’ir atletika jamiyati” deb atalgan. O’zbekistonda Og’ir atletikaning asoschisi Feoktist Gorizdro hisoblanadi. O’zbekistonda Og’ir atletika federatsiyasi 1992 yildan faoliyat ko’rsatadi. U Xalqaro Og’ir atletika federatsiyasi — IWf ga (1993), Osiyo Og’ir atletika federatsiyasiga (1994) a’zo. O’zbekiston Og’ir atletika federatsiyasi har yili kattalar va yoshlar o’rtasida O’zbekiston birinchiligi musobaqalarini o’tkazadi. Andijon, Toshkent viloyatlari, Toshkent va Samarqand shaharlarida Og’ir atletika keng ommalashgan. Og’ir atletika sektsiyalarida 7000 ga yaqin kishi muntazam shug’ullanadi. Xalqaro toifadagi sport ustalari Erkin Karimov (jahon rekordchisi, 1968), Isroil Isoqov, Noil Muxamadyorov (Olimpiada o’yinlarining kumush medali sovrindorlari, 1988), Sergey Sirsov (jahon chempioni, 1991, Olimpiada o’yinlarining kumush medali sovrindori, 1992), Igor Sodiqov (jahon chempioni, 1991) va O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan sportchi Igor Xalilov (yoshlar o’rtasida Yevropa, jahon chempioni, 1992, Osiyoning 2 karra chempioni 1997, 2000) O’zbekistonning eng kuchli Og’ir atletikachilaridir.