Ohangaron tumani
Ohangaron tumani (1939 yilgacha Qurama tumani) — Toshkent viloyatidagi tuman. 1929 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1957 yilda O’rta Chirchiq va Toshkent tumanlari tarkibiga qo’shilgan. 1971 yil 31 avgustda qayta tashkil etildi. Shimolda yuqori Chirchiq, Parkent, Bo’stonliq tumanlari, sharqdan Namangan viloyati, Janubdan Tojikiston Respublikasi, Janub-g’arbdan Piskent tumani va g’arbdan O’rta Chirchiq tumani bilan chegaradosh. Maydoni 3,19 ming km2. Aholisi 78,1 ming kishi (2002). Ohangaron tumanida 1 shahar (Ohangaron), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Birlik, Do’stlik, Ozodlik, Susam, Telov, Uvak, Qoraxitoy, Qurama) bor. Markazi — Ohangaron shahri. Tabiati. Tuman hududi Janubi-Sharqda Qurama, shimol va shimoli-garbda Chatqol tog’ tizmalari o’rtasidagi vodiyda joylashgan. Bu tog’ tizmalari Kamchiq dovoniga birlashadi. Tog’lardan tushayotgan soylar yon bag’irlarini yuvib, adirlar hosil qilgan. Foydali qazilmalardan qo’ng’ir ko’mir (Angren, Obpartak, Cho’chqabuloq, Jigariston), mis, rux, molibden, oltin (Qo’shbuloq, Qizilolma, Novgarzon, Oltintopgan), flyuorit (Gushsoy), alunit (okcha, Novgarzon), Feruza (Ungurlikon, Objazsoy), qurilish materiallari bor. O’tga chidamli tuproq, qum, shag’al, ohaktoshning zaxiralari katta. Iqlimi kontinental, yanvarning o’rtacha temperaturasi -3°, -5°, iyulniki 22°-26°. Yillik yog’in 220-280 mm. Ohangaron vodiysida tezligi 5-10 metr tog’-vodiy shamoli esadi. Vegetatsiya davri 180 kun. Tuman hududidan Ohangaron daryosi va uning irmoqlari (Beshko’l, Irtosh, Ko’ksaroy, Chetsuv, Chinor, Qorabog’, Oqcha, Shovvoz, Novgarzon, Gushsoy va boshqalar) oqib o’tadi. Tumanning shimoli-g’arbidagi xo’jaliklar Chirchiqdan boshlanuvchi Hamdam va Parkent kanallaridan suv oladi. Daryo kayirlarida o’tloqi va o’tloqi-botqoq tuproq, adirlarda tipik bo’z tuproq (chirindisi 15-26%), tog’ etaklarida to’q bo’z tuproqlar tarqalgan. Tuman yovvoyi o’simlik va hayvonot dunyosiga boy. Adirlarda efemer va efemeroidlar ko’p. Qo’ng’irbosh, rang, oqquray, qo’ziquloq va tabobatda ishlatiladigan 8 turdagi tog’ giyohlari o’sadi. Tog’ etaklari va yon bag’irlarida archa, yong’oq, pista, tog’olcha, do’lana, olma ko’p. Qushlardan tustovuq, so’fito’rg’ay, chug’urchiq, kaklik, kaptar, burgut, kalxat, qarchig’ay, zarg’aldoq, bulbul, qizilishton, popushak, sa’va va boshqalar bor. Sut emizuvchilardan ko’rsichqon, yumron-qoziq, sassiqko’zan, suvsar, kiyik, arxar (tog’qo’ylari), chiyabo’ri, tulki, bo’ri, quyon, bo’rsiq, tipratikan, qobon ko’p, ba’zan ayiq uchraydi. Sudraluvchilardan kaltakesaklar, har xil ilon, hasharotlardan qorakurt va boshqalar mavjud. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, qirg’iz, rus, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 24 kishi. Shahar aholisi 34,7 ming kishi, qishloq aholisi 43,4 ming (2002). Tumanda 4 ta qo’shma korxona, 165 xususiy firma, aktsiyadorlik, mas’uliyati cheklangan jamiyat va kichik korxonalar mavjud. Ohangaron tumanida 6 shirkat, 3 yordamchi, 1 jamoa, 526 fermer xo’jaliklari bor. Qishloq xo’jaligida g’allachilik yetakchi o’rinda, bog’dorchilik, chorvachilik, polizchilik bilan ham shug’ullaniladi. Jami ekin maydoni 26,04 ming gektar. Shundan 12,5 ming gektar yerga boshoqli don, 249 gektar maydonga poliz ekinlari ekiladi. 1625 gektar pichanzor va 66,8 ming gektar yer yaylov. Ugom-Chatqol milliy tabiat bog’iga qarashli Ohangaron o’rmon xo’jaligi bor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 25,7 ming qoramol, 98,7 ming qo’y va echki, 154,8 ming parranda boqiladi (2003). Ohangaron tumanida 53 umumiy ta’lim maktabi (18,2 ming o’quvchi), qishloq xo’jalik va iqtisodiyot kasb-qunar kolleji (245 o’quvchi), 8 klub, musiqa maktabi, 28 kutubxona (333 ming kitob), 42 sport maydonchasi, 3 yodgorlik monumenti mavjud. Markaziy kasalxona, 14 qishloq vrachlik punkti, 14 feldsher-akusherlik punkti, 3 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 dorixona faoliyat ko’rsatadi. Tuman hududidan Toshkent—Angren temir yo’l va Toshkent—Qo’qon—O’sh—Qashqar xalqaro aqamiyatga ega bo’lgan avtomobil yo’li o’tgan. Umumiy yo’llar uzunligi 205 kilometr bo’lib, bu yo’llardan Toshkent—Angren, Toshkent—Yangiobod, Angren—Bo’ka, Angren — Bekobod, Olmaliq — Chirchiq, Ohangaron — Olmaliq, Olmaliq — To’ytepa, Ohangaron — Nurobod, Ohangaron — Tut yo’nalishlari bo’yicha avtobuslar qatnaydi. Tumanda 1932 yildan “Oxangaron” (avvalgi “Qurama haqiqati”) gazetasi chiqariladi.