Ojegov Sergey Ivanovich

Ojegov Sergey Ivanovich [1900.10(23).9, Tver guberniey — 1964.15.12, Moskva] — rus tilshunos-lug’atshunosi. Leningrad universitetini tugatgan (1926). Filologiya fanlari doktori, professor (1961). SSSR Fanlar Akademiyasi rus tili instituti nutq madaniyati sektori mudiri (1952-64). Asosiy ishlari leksikologiya, leksikografiya, Sotsiolingvistika, nutq madaniyati va amaliyoti, rus tili tarixi, ayrim yozuvchilar tili va boshqalarga bag’ishlangan. D.N. Ushakov tahriri ostidagi 4 jildli “rus tilining izoxdi lug’ati” (1935-40) tuzuvchilaridan biri. Ojegovning 1 jildli “rus tili lug’ati” (1949, 20-nashri 1988; N. Yu. Shvedova hammuallifligidagi 4-nashri 2000) rus tilining zamonaviy leksikasini qamrab olgan va ko’plab ruscha-milliy lug’atlar, jumladan, 1983-84 yillarda nashr etilgan 2 jildli “ruscha-O’zbekcha lug’at” tuzishga asos bo’lgan. Ojegov “Rus tilining imlo lug’ati” (1956, 5-nashri 1963), “rus adabiy talaffuzi va urg’u” (1955), “ruscha nutq to’g’riligi asoslari” (1962) kabi lug’at-ma’lumotnomalar muallifi; “Nutq madaniyati masalalari” nodavriy to’plamining (1-6-jildlar, 1955-66) asoschisi va bosh muharriri.