O’LKASHUNOSLIK
O’LKASHUNOSLIK — mahalliy aholi tomonidan o’z ona yurti hisoblangan muayyan o’lka, viloyat, shahar, tuman, qishloq va boshqalar hududlarning har tomonlama o’rganilishi. O’lkashunoslik tabiiy, ijtimoiy, madaniy, tarixiy va boshqalar tadqiqotlar majmuidan iborat. O’lkashunoslikda o’lkaning tabiati, aholisi, xo’jaligi, tarixi, madaniyati, arxeologiyasi, o’lka namoyandalari o’rganiladi. O’lkashunoslik kompleks va soha O’lkashunosliklikka bo’linadi. Kompleks O’lkashunoslik turli sohalarni bir-biri bilan bog’liq holda, soha O’lkashunoslik geografiya, tarix, etnografiya, madaniyat, toponomika va boshqalar sohalarga oid masalalarni alohida o’rganadi. Hozirgi vaqtda ekologik vaziyat va tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish masalalarini o’rganuvchi O’lkashunoslik rivojlanmoqda. O’lkashunoslikning asosiy maqsadi o’z o’lkasi tabiati, aholisi, etnografiyasi, xo’jaligi, madaniyati, ekologik vaziyat va hokazolar haqida ashyoviy dalillar, ma’lumotlar, namunalar to’plab, ularni ommalashtirib, aholi bilimini oshirishdir. O’lkashunoslik juda kata ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maorifiy, o’quv-tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ayniqsa, milliy qadriyatlarni aniqlash va ommalashtirishda O’lkashunoslikning o’rni juda katta. O’zbekistonda O’lkashunoslik tashkiliy shakliga ko’ra 3 turga bo’linadi: ilmiy (davlat), jamoat va maktab. Ilmiy (davlat) O’lkashunoslik bevosita davlat ilmiy tashkilotlari, ilmiy tekshirish institutlari, tabiiy, tarixiy va arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish qo’mitalari, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, maxsus muzeylar xodimlari tomonidan olib boriladi, tadqiqot ma’lumotlari to’planadi, topilmalar maxsus muzeylarda ko’rgazmalarga qo’yiladi. Jamoat O’lkashunoslik mahalliy hokimiyatlarning bevosita rahbarligida tegishli joylardagi tabiiy, tarixiy va arxeologik, etnografik, toponimik va boshqalar tashkilotlar mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Maktab O’lkashunoslik umumiy ta’lim maktablarida, geogryafiya, tarix, botanika, zoologiya, til va adabiyot o’qituvchilarining bevosita rahbarligida tashkil etiladi. O’lka tabiati, tarixi, aholisi, xo’jaligi, madaniyati, etnografiyasi, toponimikasi, arxeologiyasiga oid dalil va topilmalar maktab O’lkashunoslik muzeylarida namoyish etiladi. O’zbekiston hududida O’lkashunoslik tarixi o’rta asrlarga borib taqaladi. Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, “at Tafhim”, “Mineralogiya”, “Saydana” asarlarida O’lkashunoslikka, jumladan, toponomik O’lkashunoslikka oid, Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida geografik, toponimik O’lkashunoslikka oid ma’lumotlar juda ko’p. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari esa O’lkashunoslikning mumtoz asari hisoblanadi. Mamlakatimizda o’lkani har tomonlama o’rganish 20-asr o’rtalarida ayniqsa rivojlandi. Bunda o’lkaning tabiati va tabiiy boyliklarini o’rganish kengaydi. Chunki bu vaqtda mahalliy tabiiy boyliklar va ulardan xalq xo’jaligida ko’proq foydalanish vazifasi qo’yilgan edi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, O’lkashunoslik ishlari xalq tarixini, qadriyatlarini o’rganishga, ularni tiklashga qaratildi. Fan va texnika rivojlanishi, tabiat va tabiiy resurslardan foydalanishning jadallashishi natijasida ekologik O’lkashunoslik tez rivojlanib bormoqda. Maktablarda yosh o’lkashunoslar guruhlari tashkil etilib, o’z joyining tabiati, ekologik sharoitlari, tarixi, toponimikasi va qadriyatlarini o’rganish taraqqiy etmoqda. Ba’zi mamlakatlarda O’lkashunoslik maktabdagi ta’lim ishlarining tarkibiy qismi hisoblanadi.