O’LKASHUNOSLIK MUZEYLARI
O’LKASHUNOSLIK MUZEYLARI — ilmiy tekshirish va madaniy- ma’rifiy muassasa. Ma’lum geografik yoki ma’muriy hududning tarixiy yodgorliklari, tabiiy ilmiy va badiiy to’plamlari, xalq san’ati asarlarini yig’adi, saqlaydi, ilmiy o’rganadi, ko’rgazmalar uyushtiradi va targ’ib qiladi. Muzeylarning keng tarqalgan turi bo’lgan O’lkashunoslik muzeylari kompleks yo’nalishga ega: unda, asosan, tabiat, tarix, ba’zilarida shuningdek san’at, adabiyot va etnografiya, ayrimlarida qishloq xo’jaligi, iqtisod, sport kabi bo’limlar ham bo’ladi. O’lkashunoslik muzeylari katalog, yo’l ko’rsatkichlar va boshqalarni nashr qiladi. 20-asr boshida O’rta Osiyoda 4 ta O’lkashunoslik muzeylari bo’lgan. Hozirgi kunda O’zbekiston hududida Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida O’lkashunoslik muzeylari (jumladan, Andijon viloyat o’lkashunoslik muzeyi, Farg’ona viloyat o’lkashunoslik muzeyi va boshqalar) bor va ular o’zaro hamkorlikda faoliyat ko’rsatadi.