Olloqulixon madrasasi
Olloqulixon madrasasi – Xivadagi me’moriy yodgorlik (1834— 35). Madrasa qurilishi Ichan qal’aning yaxlit ansambl bo’lib shakllanish tarixi bilan bog’liq. O’rta Osiyo me’morligida keng tarqalgan Qo’shmadrasa uslubida, Olloqulixon TIMI, Xo’jamberdibiy madrasasi, polvon darvoza bilan o’zaro bog’langan. Olloqulixon madrasasi sun’iy tepalik (balandligi 3 metr) ustiga qurilgan, shu tufayli qo’shni binolardan ancha baland ko’rinadi. Madrasa to’g’ri to’rtburchak tarhli (62,45×47,0 metr), peshtog’i g’arbga qaragan. Bosh tarzini Miyonsaroy, masjid va darsxona hamda 2 qavatli hujralar egallagan. Eshikdagi yozuvda binoning kurilgan sanasi saqlangan. Hovli (34,6×29,4 metr) tomoni o’ziga xos, undagi 2 qavatli qator hujralar polvon darvozaning kichik gumbazlari ustiga va qisman Tim gumbazlari chekkasiga joylashgan. Masjid va darsxona (4,8×4,8 metr) tuzilishi bir xil. Usti yarim aylana shaklidagi pastak gumbaz bilan yopilgan. Devorlaridagi chuqur ravoqlar hisobiga xona keng ko’rinadi. Ayvon (5,5×5,5 metr) madrasa g’arbida joylashgan, mehrobi ganchli muqarnasdan “iroqi” uslubida bezatilgan. Hujralar (99 ta)ning har birida bittadan eshik, tobadoniga panjaralar o’rnatilgan.