Olmaliq

Olmaliq — Toshkent viloyatidagi shahar (1951 yildan). Olmaliqsoy bo’yida, Qurama tog’larining shimoliy yon bag’rida, 600-650 metr balandlikda. Toshkent shahridan 60 kilometr Janubiy-sharqda, Ohangaron daryosining chap sohilida. Shaharning shimoliy- sharqida Qurama tizmasi, shimol va Janubi- sharqda Chatqol tizmalari bor. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Ohangaron (18 kilometr). Maydoni 10,8 km2. Aholisi 114,6 ming kishi (2000; 1974 yilda 92,3 ming; 1959 yilda 40 ming kishi). Olmaliqda mis konining topilishi shaharning tez o’sishiga sabab bo’ldi. 1954 yil Olmaliqda qo’rg’oshin-rux fabrikasi ishga tushirildi. Qalmoqqir konidan mis rudasi ochiq usulda olina boshladi. Olmaliqdagi sanoat korxonalarini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Olmaliq yonida issiqlik elektr stansiyasi qurildi. 1963 yil mis eritish zavodi foydalanishga topshirildi. Kon-metallurgiya kombinati to’la ishga tushirilib mahsulot bera boshladi. Olmaliqdagi rangli metall rudalar oltingugurtga boy. Shu sababli metallurgiya kombinatida rudadan oltingugurt ajratiladi va “Ammofos” korxonasiga yuboriladi. Olmaliqda O’rta Osiyoda birinchi bo’lgan uy-ro’zg’or kimyosi zavodi qurildi. Olmaliqda respublika qishloq xo’jaligining 80% ni fosforit o’g’itlar bilan ta’minlayotgan “Ammofos” zavodi, “poyondoz” gilam, “pallada vostok”, “Djefinterneyshnl” O’zbekiston — Pokiston qo’shma korxonalari, mebel jihozlari kombinati, “Olmaliq-g’isht”, “Oqtosh” korxonalari, “Qovuldi” oltinli rudani qazib olish koni va boshqa korxonalar bor. Yengil va oziq-ovqat sanoat rivojlanmokda. Olmaliqga Toshkent— Angren temir yo’ldan shoxobcha chikarilgan. Toshkent — Olmaliq avtomobil yo’li o’tgan. Navoiy kon-metallurgiya institutining kon metallurgiya fabrikati, 23 umumiy ta’lim maktabi, 12 kutubxona, 3 madaniyat uyi, o’lkashunoslik muzeyi, musiqa va san’at maktablari, 3 stadion, 36 sport zali, 86 voleybol va basketbol maydonlari, 11 gandbol, 18 tennis zallari va 5 suzish havzasi bor. Shaharda markazlashgan hududiy tibbiy birlashma, bolalar kasalxonasi, “Kimyogar” kasalxonasi, yuqumli kasalliklar, silga qarshi kurashish dispanseri, tug’ruqxona, 10 poliklinika va boshqa tibbiy muassasalar ishlab turibdi.