Olmaota viloyati
Olmaota viloyati — Qozog’istonning Janubi-sharqidagi viloyat. 1932 yil 10 martda tashkil qilingan. Maydoni 104,7 ming km2. Aholisi 1614,8 ming kishi (1999). Asosan, qozoqlar. shuningdek, rus, ukrain, uyg’ur, koreys va boshqalar ham yashaydi. 11 ma’muriy tuman, 4 shahar va 6 shaharcha bor. Markazi — Olmaota shahri. Viloyat Janubda shimoliy Tyanshan tog’lari, shimoliy-g’arbda Balxash ko’li va shimoli-sharqda ili daryosi oralig’ida joylashgan. Sharqda Xitoy bilan chegaradosh. Olmaota viloyati hududining shimoliy qismi Janubiy Yettisuv tekisligi yoki Balxash bo’yi tekisligi (balandligi 300-500 metr)dan iborat. Janubiy qismini ketmon, orqa ili Olatovi va Kungay Olatovning shim. etaklari (balandligi 5000 metr) egallagan. Olmaota viloyati shimol qismining iqlimi keskin kontinental, qishi sovuq (yanvarning o’rtacha temperaturasi -9 dan -10° gacha), yozi issiq (iyulning o’rtacha temperaturasi 24°). Yillik yog’in 100 mm dan (cho’dda) 1000 mm gacha (tog’larda). Vegetatsiya davri 205-225 kun. Viloyatning shimol va shimoliy-g’arbida oqar suvlar deyarli yo’q. Birgina ili daryosi oqadi. Janubiy tog’ oldi qismlarida oqar suvlar ko’proq. Ko’pchilik daryolar tog’lardan boshlanib Ili daryosigacha yetib bormay, qumlarda tugaydi yoki sug’orishga sarf bo’ladi. Tog’larda chuchuk suvli kichik ko’l va mineral buloqlar ko’p. Olmaota viloyatining shimoliy-g’arbiy qismida gilli qo’ng’ir tuproq, bo’z tuproq va sho’rxoklar, ili daryosi vodiysida qamish, saksovul o’sadi, to’qaylar uchraydi. Tog’larda 600 metrdan yuqorida shuvoq- chalov betaga dashtlari; 800-1700 metr balandlikda o’tloq, 1500-1700 metrda Subalp o’tloqlari mintaqasi bo’lib, igna bargli daraxtlar ham aralash o’sadi. 2800 metrdan yuqori qismi Alp o’tloqlari va butazorlardan iborat. Cho’llarda qum sichqoni, tovushqon, jayran, Eliq, bo’ri, tulki, bo’rsiq, ili daryosi deltasida qobon, ondatra bor. Ilon, toshbaqa, kaltakesak, falanga, qorakurt, tog’larda Bars, silovsin uchraydi. Balxash kuli va Ili daryosida baliq ko’p. Orqa Ili Olatovi yon bag’rida Olmaota qo’riqxonasi tashkil etilgan. Viloyat iqtisodiyotida rivojlangan qishloq xo’jaligi va yaylov chorvachiligi bilan birga har xil sanoat tarmoklari bor. Metallsozlik va murakkab mashinasozlik, yengil (to’qimachilik, trikotaj, tikuvchilik, ko’n-poyabzal va boshqalar), yog’ochsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati tarmoqlari rivojlangan. Viloyat energetikasi daryo gidroenergiya resurslariga (Qopchig’ay GES, Olmaota GESlar kaskadi) va Qarag’anda havzasi ko’miriga asoslanadi. Sanoat korxonalarining asosiy qismi Olmaotada joylashgan. Talg’ar shahrida kigiz bosish va tikuvchilik fabrikalari, spirt zavodi, burunday shaharchasida shakar-qand va g’isht zavodlari, Qopchig’ay shahrida temir-beton konstruktsiyalar zavodi bor. Olmaota viloyatida qisman sug’orib va qisman sug’ormasdan dehqonchilik qilinadi. Sug’oriladigan yerning 80% ga yaqiniga ekin ekiladi. Bug’doy, arpa, suli, tariq, makkajo’xori, sholi, har xil dukkaklilar va yem-xashak ekinlari (asosan, beda), sabzavot, texnika ekinlari ekiladi. Qand lavlagi, tamaki, meva, uzum etishtiriladi. Qoramol, qo’y va echki, ot, parranda boqiladi. Tog’ etaklarida, Olmaota atrofida qishloq xo’jaligi shahar aholisini mahsulotlar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan. Viloyat shimolda yaylov chorvachiligi (go’sht-moy va go’sht-jun, qo’ychilik, tuyachilik), tog’larning Janub qismida yilqichilik, go’sht va go’sht-jun (arxarmerinos qo’ylari boqish) chorvachiligi rivojlangan. Balxash ko’li va ili daryosida baliq ovlanadi. Muhim avtomobil yo’llari: Olmaota — Kaskelen — Bishkek, Olmaota — Talg’ar — Chilik — Norinko’l, Olmaota — ili — Toldiko’rg’on. Balxash ko’li va ili daryosida kema qatnaydi. 16 oliy o’quv yurti, teatrlar, muzeylar bor. Olmaota yonida turistik bazalar, tog’ kurortlari, “Medeo” sport majmui joylashgan.