Oltingugurt, tug’ma oltingugurt
Oltingugurt, tug’ma oltingugurt — tug’ma elementlar guruhiga mansub mineral. Tabiatda erkin (tug’ma Oltingugurt) va birikmalar holida uchraydi. Oltingugurtning eng muhim tabiiy birikmalari — metall sulfidlari (masalan, FeS2 — temir kolchedan (pirit), ZnS — aldama rux, PbS — qo’rg’oshin yaltirog’i yoki galenit, Cu2S— mis yaltirog’i va hokazolar), sulfatlar holida (angidrit CaSO4, gips CaSO4- 2H2O, og’ir shpat BaSO4, glauber tuzi va hokazolar) ham uchraydi. Bundan tashqari, Oltingugurt ko’mir, slanes, neft, tabiiy gazlar, hayvon va o’simlik organizmlarida organik va anorganik holida mavjud (masalan, oqsilda 0,8—2,4% Oltingugurt bor). Oltingugurt bir necha allotropik ko’rinishlarda bo’ladi. Eng ko’p uchraydigan turi rombik modifikatsiyasi (alfa-S), uni sekinlik bilan 96— 120°gacha qizdirganda monoklinik modifikatsiyasi (6eTa-S)ra o’tadi. Oltingugurtning rangi sariq. Qattiqligi mineralogik shkala bo’yicha 1-2, zichligi 2,0—2,1 g/ sm3, suyuqlanish temperaturasi 118,9°. Rombik Oltingugurt sakkiz burchakli halqasimon Sg tarkibli molekulalardan tuzilgan. Monoklinik Oltingugurt prizma shaklidagi tiniq kristallardan iborat. Oltingugurtning juda ko’p birikmalari ma’lum. Masalan, vodorod sulfid (H2S), sulfat kislota (H2SO4), giposulfit (Na2S2O3) va hokazolar. Tug’ma Oltingugurt konlari Meksika, AQSh, Italiya, Yaponiya, Rossiya, Turkmanistonda uchraydi. Oltingugurt konlardan qazib olinadi va flotasiya usulida boyitiladi, SO2 ni qaytarib, H2S ni oksidlab ham hosil qilinadi.