Omonat shartnomasi
Omonat shartnomasi (O’zbekiston Respublikasida) — shartnoma turlaridan biri. Bunda bir taraf (omonat saqlovchi) ikkinchi taraf (saqlashga topshiruvchi) bergan ashyoni saqlash va bu ashyoni to’la holda qaytarish majburiyatini oladi. Omonat saqlashdan asosiy maqsad ashyolarning butligini ta’minlashdan, unga o’zga shaxslar tomonidan zarar yetkazilishi va o’zlashtirib olinishidan asrashdan iborat. Shartnoma bo’yicha topshirilgan mulkning saklanishi va uni albatta butun holda qaytarilishi nazarda tutiladi. Omonat shartnomasi yozma shaklda bo’ladi. Undan tashqari omonat saqlashga topshirishda beriladigan patta, tilxat, guvohnoma kabilar ham, agar unda omonat saqlovchi imzo qo’ygan bo’lsa, yozma shartnoma hisobiga o’tadi (FK, 876-modda). Omonat shartnomasi bo’yicha omonatchi ashyoga nisbatan mulk huquqiga, ashyoni tasarruf qilish huquqiga ega bo’la olmaydi, u faqat ashyoni saqlab berishi lozim. Omonat shartnomasida qatnashuvchi taraflar fukarolar va yuridik shaxs hisoblangan tashkilotlardir. Tashkilotlar o’z ustav (Nizom)larida nazarda tutilgan hollardagina omonat saklash faoliyati bilan shug’ullanishlari mumkin. Jismoniy xususiyatlari jihatidan omonat saqlovchining ixtiyoridagi binoga yoki hududga joylashtirilishi mumkin bo’lgan buyumlargina Omonat shartnomasining predmeti bo’la oladi. Shu sababli kuchmas mulk va hajmi ulkan ob’yektlar buyicha Omonat shartnomasi tuzilishi mumkin emas. Bunday ob’yektni qo’riqlash ishi qorovul va shu kabilar bilan mehnat shartnomasi tuzish asosida amalga oshiriladi. Saqlanishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan narsalar — qoradori, zaharli moddalar, har xil o’qotar qurol va hokazolar omonat saqlash shartnomasining predmeti bo’lishi mumkin emas. FK ning 878-moddasiga muvofiq, omonat saqlovchi ashyoni shartnomada kelishilgan muddat davomida saqlashi shart. Agar Omonat shartnomasida muddat nazarda tutilmagan bo’lsa, ashyo shaxs tomonidan talab qilib olinguncha saqlanadi. Sotiboldi Boboqulov.