O’NBOSHI

O’NBOSHI — harbiy unvon, 10 kishidan iborat eng kichik harbiy bo’linma boshlig’i. Turkiy xalqlar tuzgan eng qadimiy davlatlar (masalan, Hunlar va Turk xoqonligi)da ilk marta joriy qilingan. O’nboshi bevosita yuzboshita bo’ysungan. Amir Temur davrida O’nboshi oddiy askarga nisbatan 10 barobar ortiq maosh olgan (bu paytda oddiy askarning oyligi mingan otining narxiga teng bo’lgan). O’rta Osiyo xonliklari davrida ham O’nboshining harbiy mavqei o’zgarmagan. Turkiston mintaqasida qizil armiyaga qarshi kurash yillarida ko’plab qo’rboshi guruhlarida (Ibrohimbek va boshqalar) O’nboshi lavozimi mavjud bo’lgan. So’nggi o’rta asrlarda O’nboshi Rossiyada “Desyatnik” deb atalgan. 20-asrda sovet armiyasi safida 10 kishidan iborat harbiy bo’linma bo’lib, uni bo’lim komandiri (efreytor yoxud kichik serjant) boshqargan. Ad.: Temur tuzuklari, T., 1996.