O’NGUT

O’NGUT, o’nqut — qadimiy turkiy qabilalardan biri. Xitoy manbalarida ularni oq tatarlar deb atashgan. Ular qadimiy turklarning Shato urug’idan kelib chiqqan. 12-13-asr boshlarida O’ngutlar Shimoliy Mongoliya va Xitoyda ko’chib yurishgan. Ular nasroniylik dinining nestorian mazhabiga e’tiqod qilishgan. 15— 16-asrlarda O’ngutlar Dashti Qipchoq o’zbek qabilalari tarkibida qayd etilgan. Ularning bir qismi hozirgi O’zbekiston hududiga (ko’pchiligi Zarafshon vodiysiga) kelib joylashganlar. O’ngutlarning o’tmishda asosiy mashg’uloti chorvachilik bo’lgan, keyinchalik 16-17-asrlarda asta-sekin o’troqlashib, dehqonchilik bilan shug’ullangan va o’zbek xalqi tarkibiga singib ketgan.