O’NKURASH

O’NKURASH — yengil atletikaning 10 turi bo’yicha erkak sportchilar o’rtasida o’tkaziladigan musobaqa. O’nkurash musobaqalari 2 kun davom etadi: 1-kun 100 metrga yugurish, uzunlikka sakrash, yadro irg’itish, balandlikka sakrash, 400 metrga yugurish, 2-kun 110 metrga to’siqlar osha yugurish, lappak uloqtirish, langarcho’pda sakrash, nayza uloqtirish, 1500 metrga yugurish musobaqalari o’tkaziladi. Sportchiga har bir turda ko’rsatgan natijasiga mos ochko yoziladi. G’olib barcha turdagi ochkolar yig’indisiga ko’ra aniqlanadi. O’nkurash 1912 yilda Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritilgan. Jahonda Refer Jonson, Bryus Jenner (AQSh), Jeyms Tomson (Buyuk Britaniya), Roman Shebrle (Chexiya) kabi O’.chilar yuqori natijalarga erishgan. O’zbekistonlik Nikolay Ovsyannikov, Vadim Kolobov, Ramil G’aniyev, Leonid Andreyev singari O’nkurashchilar xalqaro musobaqalarda g’olib chiqishgan.